11 iyundan 11 iyulga qadar bo‘layotgan Yevropa chempionati musobaqasi B guruhidan o‘rin olgan Daniya — Finlyandiya uchrashuvi to‘xtatildi. O‘yinning 43-daqiqasida daniyalik yarim himoyachi Kristian Eriksen maydonda hushidan ketib yiqildi.

Foto: gettyimages.com

Mazkur vaziyatni payqagan hakam va futbolchilar maydonga tibbiyot xodimlarini chaqirishdi. Ma’lum bo‘lishicha, futbolchi hech kim bilan to‘qnashmadi. Unga tibbiyot xodimlari maydonning o‘zida birinchi yordamni ko‘rsatishdi. Daniyaning boshqa futbolchilari mazkur holatni to‘sib turishdi. Daniya terma jamoasi shifokorlari maydonning o‘zida Eriksenni jonlantirishga kirishishdi va uning yuragini massaj qilishdi.

Foto: gettyimages.com

Ushbu to‘xtalish 20 daqiqa davom etdi, shundan so‘ng Eriksenni kasalxonaga olib ketishdi.

UEFA xabariga ko‘ra, Eriksenda yurak xuruji ro‘y bergan. Qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra, Eriksen stress holatida bo‘lgan.

Foto: gettyimages.com

Daniya futbol assotsiatsiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Kristian hushiga kelgan. Shifokorlar shifoxonada u bilan ishlashda davom etishmoqda.

UEFA Daniya va Finlyandiya o‘rtasidagi o‘yin har ikkala jamoaning iltimosiga binoan Toshkent vaqti bilan soat 23:30 da qayta boshlanishini tasdiqladi. Qayd etilishicha, birinchi bo‘limning so‘nggi to‘rt daqiqasi, keyin esa 2-bo‘lim o‘ynaladi.