May oyi oxirlarida ijtimoiy tarmoqlarda ikki bolaning daraxtga kuchukni osayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi mazkur holatga izoh berib, hozirda kuchukning ahvoli yaxshiligini ma’lum qildi.

IIB xabariga ko‘ra, 24 may kuni Chortoq tumani «Sohibkor» mahallasida yashovchi ikki nafar maktab o‘quvchisi uyidagi tovuqlariga zarar yetkazgan itni dalaga tashlab kelish maqsadida uni o‘zi bilan olib, uydan chiqadi. «O‘zlari sodir etayotgan harakatlarni huquqiy oqibatini tushunib yetmasdan itni chinor daraxtiga osgan», — deyiladi xabarda.

Ushbu holatni Chortoq tumani «Hayrli» mahallasida yashovchi I.B. (2003 y.t.) videotasvirga olgan. U telegram ijtimoiy tarmog‘idagi sinfdoshlar guruhiga yuborgan. 27 may kuni videoni 11-sinf o‘quvchisi A.T. «Tik tok» ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirgan. Hozirda videotasvirdagi kuchukni, uni osgan bolalardan biri parvarishlayotgani aytilmoqda.

Xolat yuzasidan Chortoq tuman IIB xodimlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilib, aybdor shaxslarni javobgarlik masalasini hal etishlik uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.