11 iyun kuni O‘zbekiston Afg‘onistonga 1000 dona kislorod ballonidan iborat gumanitar yukni topshirdi. Ularni topshirish marosimi Hayraton shahrida bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

Gumanitar yordam Afg‘oniston Islom Respublikasida pandemiyaning uchinchi to‘lqini kuzatilayotgani bois, pandemiya oqibatlariga qarshi kurashish maqsadida yuborildi.

Avvalroq, Afg‘oniston hukumati xalqaro jamoatchilikka murojaat qilib, qiyin holatdan chiqish bo‘yicha ko‘mak so‘ragandi.

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev o‘z nutqida oziq-ovqat va dori-darmonlar Afg‘onistonga pandemiyaga qaramay uzluksiz ravishda O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi orqali yetkazib berilayotganini ma’lum qildi.


«O‘zbekiston bundan keyin ham qo‘shni mamlakatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor», — dedi u.

Marosimda Balx viloyati gubernatori Farhod Azimiy va Viloyat kengashi raisi Muhammad Xadid so‘zga chiqib, O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam Afg‘oniston xalqiga chinakam birodarlik munosabatining yorqin namunasi ekanligini ta’kidladi.

Yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy nazorati ostida afg‘on shifokorlarining pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekiston klinikalarida o‘qishi tashkil etilgandi.