O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov Kun.uz nashriga bergan intervyusida O‘zbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosida ikki GES qurilishi tafsilotlari haqida gapirdi.

Kecha O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari o‘rtasida Zarafshon daryosida ikkita GES qurish bo‘yicha bitim imzolangan edi.

Energetika vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, obyektlarni qurish loyihasi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda, yiliga o‘rtacha 800 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, quvvati 140 MVt va prognoz qiymati 282 million AQSh dollariga teng «Yovon» gidroelektr stansiyasini qurish ishlari bajariladi. Ikkinchi bosqichda, yiliga o‘rtacha 600 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, quvvati 135 MVtga va prognoz qiymati 270 mln AQSh dollariga teng «Fandaryo» gidroelektr stansiyasini qurish imkoniyati o‘rganib chiqiladi.

Alisher Sultonovning so‘zlariga ko‘ra, loyiha buyurtmachisi etib, tomonlar ishtirokida tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyati belgilanadi. Loyiha xalqaro moliya tashkilotlarining qarz va grant mablag‘lari hamda ta’sis qilinadigan qo‘shma korxona ustav jamg‘armasiga kiritiladigan tomonlarning o‘z mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.

«Bu O‘zbekiston energota’minotiga nima beradi, degan savolga kelsak, shuni ham ta’kidlash joizki, quriladigan gidroelektr stansiyalar O‘zbekiston Respublikasi ehtiyojlari uchun 1,4 mlrd kVt/soat ekologik toza elektr energiyasini ishlab chiqaradi», — deydi vazir. Uning qo‘shimcha qilishicha, gidroelektr stansiyalarni qurish va undan foydalanish davrida qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratilib, O‘zbekiston va Tojikistonning boshqa mintaqalariga paritetlik asosida elektr energiyasi oqimini ta’minlaydi.

Energetika vazirligi rahbari so‘nggi uch yilda O‘zbekiston Tojikistondan mavsumiy elektr energiyasini import qilib kelayotganini ta’kidladi.

«Ammo bu import ko‘rsatkichi kamayib boryapti. Jumladan, o‘zaro shartnomaga asosan 2020 yil may-sentyabr oylarida jami 1,2 mlrd kVt/soat elektr energiyasini import qilish belgilangan bo‘lsa, amalda kamroq — 566,7 mln kVt/soat elektr energiyasi import qilindi.

Lekin buning uchun kimnidir ayblab bo‘lmaydi. Buning obyektiv sabablari bor. Vaxsh daryosida suv hajmi keskin kamaygan, buning ortidan Norak suv ombori sathi pasaygan. 2021 yil may oyida imzolangan shartnomaga ko‘ra, 270 mln kVt/soat elektr energiyasi importi belgilangan bo‘lib, amalda 197,4 mln kVt/soat elektr energiyasi import qilindi", — deydi Alishr Sultonov.

U o‘zaro shartnomalar va hisob-kitoblarda bu tabiiy omillar albatta hisobga olinishini ta’kidladi.

2018 yilda Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon Tojikistonda Zarafshon daryosida birgalikda ikkita GES qurish haqida ma’lum qilishgan edi.

Dastlab, gidroelektro stansiyalarning umumiy quvvati 320 MVtni tashkil qilishi haqida xabar berilgan edi, ammo hozirda u 275 MVt bo‘lishi aytilmoqda.