Bugun,10 iyun kuni Mikaela Meredit AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ning O‘zbekistondagi missiyasining birinchi direktori sifatida o‘z vazifasini boshladi, deya xabar bermoqda AQShning Toshkentdagi elchixonasi.

Rivojlanish sohasida qariyb 30 yillik tajribaga ega Mikaela Meredit ushbu lavozimga tayinlanishidan oldin 2018 yildan 2021 yilgacha USAIDning Albaniyadagi vakili va 2015 yildan 2018 yilgacha Ozarbayjonda USAID Missiyasining direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, u Yaman, Nigeriya, Kongo Demokratik Respublikasi va Vashingtonda (AQSh) turli lavozimlarida ishlab kelgan. AQShning Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universiteti Xalqaro aloqalar maktabining magistr darajasiga ega.

«Biz bugun USAIDning O‘zbekiston hukumati va xalqi bilan sherikligining yangi sahifasi boshlayotganini guvohi bo‘lyapmiz. USAIDning kengaytirilgan ishtiroki O‘zbekistonni faol xususiy sektor va fuqarolik jamiyatini barpo etish, iqlim o‘zgarishi, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini modernizatsiya qilish va samarali boshqaruvni mustahkamlashda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy qobiliyatimizni oshiradi», — dedi Alan Melser, AQShning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlari vakili.

«Yangi missiyaning tashkil etilishi AQShning 2020 yilda qabul qilingan va Bayden ma’muriyati tomonidan yaqinda qo‘llab-quvvatlangan Markaziy Osiyo strategiyasining bir qismi edi. Men uchun USAID missiyasining O‘zbekistondagi birinchi direktori bo‘lish katta sharafdir. Bu muhim vazifani men butun mas’uliyat bilan boshlayman», — dedi Mikaela Meredit.


USAIDning O‘zbekistondagi ikki tomonlama missiyasi 2020 yil sentyabr oyida tashkil etilgan. Yangi Missiya AQSh Hukumatining O‘zbekiston Hukumati va xalqi oldidagi uzoq muddatli majburiyatini ta’kidlaydi, deyiladi elchixona xabarida.

O‘zbekistonda USAID iqtisodiy o‘sishni yaxshilash, savdo-sotiq va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Boshqa ustuvor yo‘nalishlar qatoriga ta’lim, suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, qonun ustuvorligi va fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlari, shuningdek qayta tiklanadigan energiya, xavfsiz migratsiya va odam savdosiga qarshi kurash masalalari kiradi.

USAIDning O‘zbekiston bilan hamkorligi mamlakat mustaqillikka erishganidan ko‘p o‘tmay boshlandi. 1992 yildan beri Amerika xalqi USAID orqali gullab-yashnayotgan O‘zbekistonning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlovchi dasturlarga 500 mln dollardan ko‘proq mablag‘ ajratdi.