Tatariston prezidenti Rustam Minnixanovning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi 16−17 iyun kunlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda Tataristonning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar qildi.

Delegatsiya tarkibidan Tataristonning 25 dan ortiq turli xil kompaniyalari vakillari, shu jumladan, «KamAZ», «Tatneft», «PO ElAZ», «KMPO», «Qozon vertolyot zavodi», «Sollers Ford», «KER-Holding» va boshqalar joy olgan.

Rustam Minnixanovning O‘zbekistonga tashrifi davomida O‘zbekiston rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi va muhokama markazida — respublikalar o‘rtasida turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning holati va istiqbollari bo‘lishi reja qilingan.

Shu bilan birga, Tataristonning sanoat salohiyati ko‘rgazmasi, Tatariston-O‘zbekiston biznes forumi, shuningdek, O‘zbekistonda yashaydigan tatar diasporasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 iyun kuni Qatar delegatsiyasi qabuli davomida Qatar amiri shayx Tamim Ol Soniyni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga yana bir bor taklif qilgan edi.