O‘zbekistonda Qozon federal universitetini (QFU) ochish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Mazkur kelishuvga 7 iyun kuni Qozon shahrida erishildi, deb xabar bermoqda universitet matbuot xizmati.

Ushbu ta’lim muassasasi filialini ochish taklifini Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Azim Axmedxo‘jayev bildirgan edi.

O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi doirasida Qozon federal universiteti va Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston Oliy va o‘rta-maxsus hamda Cog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnoma imzolangan.

Avvalroq, hokim o‘rinbosari Ahmedxo‘jayev mintaqaning jadal rivojlanishi tufayli biotibbiyot va farmatsevtika, neftni qayta ishlash va neft kimyosi, IT va kosmik texnologiyalar sohasida yuqori malakali kadrlarga ehtiyoj sezilayotganini ta’kidlagan edi.

Qozon federal universiteti 200 yil oldin tashkil etilgan bo‘lib, Rossiyaning eng qadimgi universitetlaridan biri hisoblanadi. Universitetda 300 ta bakalavriat, mutaxassislik, magistratura va aspirantura yo‘nalishlari mavjud. Ilmiy tadqiqotlarda Qozon federal universiteti biotibbiyot, geologiya, fizika, kimyo, neft va gaz, nano va axborot texnologiyalari (IT), psixologiya, madaniyatshunoslik, gumanitar, pedagogik va fanlararo sohalardagi ishlanmalarga ustuvor ahamiyat beradi.