O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari birgalikda Xo‘jand shahri yaqinidagi «Arbob» madaniyat saroyiga tashrif buyurdi. Bu yerda Shavkat Mirziyoyev hamda Emomali Rahmon So‘g‘d viloyati jamoatchiligi vakillari, ziyolilar, nuroniylar bilan uchrashdi.

Tojikiston yetakchisi o‘zbekistonlik hamkasbining siyosiy irodasi bilan ikki mamlakat o‘rtasida ishonch va do‘stlik muhiti yaratilganini ta’kidladi.

«Ilgari to‘planib qolgan muammolar shunday qisqa muddatda hal etilishini tasavvur qilib bo‘larmidi?! Bunga xalqaro tashkilotlar ham ishonmagan edi. Bugun davlatlarimiz o‘rtasida hal bo‘lmagan masala qolmadi, o‘zaro ishonch paydo bo‘ldi. Bunday munosabatlarning tashabbuskori va „arxitektori“ hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev», — dedi Emomali Rahmon.


Keyingi yillarda davlat chegaralarida 17 ta o‘tkazish punkti ochilgani, Tojikiston xalqi bundan minnatdor ekani qayd etildi.

O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqida ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni qadrlash, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish haqida gapirdi.

«So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida qaror topgan yaxshi qo‘shnichilik va abadiy do‘stlik tufayli biz ulkan natijalarga erishmoqdamiz. Albatta, bunday yutuqlarga erishishda siz, azizlarning, ikki mamlakat jamoatchiligi va ziyolilarining beqiyos hissasi borligini biz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz», — dedi u.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining yozishicha, Shavkat Mirziyoyev tashrifining muhim qismi Xo‘jand shahrida o‘tayotgani bejiz emas. Bu qadimiy shahar o‘zbek va tojik xalqlari uchun birdek qadrli. U asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘lidagi markazlardan biri bo‘lib, mintaqamiz madaniy hayotida muhim o‘rin tutgan.

Bugungi kunda Xo‘jand shahrida o‘zbek ma’naviyati va ma’rifati markazi, mahalliy universitetda o‘zbek filologiyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan ilmiy maktab faoliyat yuritmoqda.


O‘zbekistonda, barcha millat va elatlar qatori, tojik madaniyatini saqlash va rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatda 1,6 mln nafar tojik millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilib, yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi. Ular orasida taniqli olimlar, tadbirkor va fermerlar, o‘qituvchi va shifokorlar, turli darajadagi rahbarlar bor.

Qolaversa, O‘zbekistonda 15 ta tojik milliy madaniyat markazi millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda. Tojik tilida gazeta va jurnallar chop etilib, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar efirga uzatilmoqda. 255 ta maktabda ta’lim tojik tilida olib boriladi. Bir qator oliy o‘quv yurtlarida shunday fakultetlar va bo‘linmalar faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda ushbu yo‘nalishlarga qabul o‘rinlari ikki barobar ortadi.

Mamlakatda keyingi yillarning o‘zida tojik millatiga mansub 130 fuqaro yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi.

Uchrashuvda dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgani, mintaqada ham xavfsizlikka yangi tahdidlar yuzaga kelayotgani qayd etildi.


«Biz tinchlik va barqarorlik, do‘stlik va hamkorlik kabi buyuk ne’matlarni alohida qadrlashimiz va mustahkamlashimiz, yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini tarbiyalashimiz kerak, — dedi O‘zbekiston prezidenti. — Sa’y-harakatlarimizni birlashtirsakkina, xalqlarimiz uchun tinchlik va xotirjamlikni, kelgusi avlodlarga farovon hayotni ta’minlashdek umumiy maqsadga erishishimiz mumkin. Ishonchim komilki, siz, ijodiy va ilmiy sohalarning hurmatli vakillari, o‘zingizning boy bilim va hayotiy tajribangiz, tashabbuskorlik va g‘ayratingiz bilan xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shasiz».

Prezidentlar «Arbob» madaniyat saroyini ko‘zdan kechirdilar. Ushbu majmua 1959 yilda barpo etilgan. U tojik xalqi uchun tarixiy ahamiyatga ega. O‘tgan asrning 90-yillari boshida bu yerda mamlakat mustaqilligiga doir muhim qarorlar qabul qilingan.

Bu yerda 1992 yilda — Tojikiston taqdirida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan pallada Emomali Rahmon davlat rahbari lavozimiga kirishgan edi.