Juma kuni O‘zbekistonda quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, deya xabar berdi O‘zgidromet.

Havo harorati kunduz kuni 35−37 darajani, Surxondaryo viloyatida ba’zi joylarda 41−43 darajagachani tashkil etadi.

Dam olish kunlari respublika bo‘yicha asosan quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida konvektiv bulutlilik rivojlanishida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Ushbu kunlarda harorat me’yordan 1−2 darajaga ko‘p bo‘ladi va 33−36 darajani, janubda va cho‘l hududlarida 37−40 darajani tashkil etadi.

Respublikaning ayrim hududlarida shamol ba’zi joylarda changli bo‘ron bilan 17−22 m/s gacha kuchayadi.