Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Navoiy viloyatining ikkita hududida yer oldi-cotdisi bilan bog‘liq jinoyatlar aniqlandi.

Fuqaro Sh. E. boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, tanishlari orqali Konimex tumani hududida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun 1 gektar yer maydoni olib berishni va’da qiladi. Buning evaziga 20 000 dollar so‘rab, oldindan 1 000 dollarni olganida ashyoviy dalillar bilan ushlangani aytilmoqda.

Xuddi shu kabi holat Navbahor tumanida ham kuzatilgan. Ma’lum qilinishicha, «Sh.S.» fermer xo‘jaligi rahbari M.Sh. boshqa bir fuqaroga xo‘jalikka tegishli bo‘lgan 6 gektar yer maydonini 90 mln so‘m evaziga tanishlari orqali uning nomiga o‘tkazib berishni va’da qilgan. U shundan 50 mln so‘mini olgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni dam tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 8 iyundagi «Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi [PF-6243-son] farmoniga asosan (http://lex.uz/pdfs/5450176) asosan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi. Noqishloq yerlar esa mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali beriladi.