Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari A.A. 10 iyun kuni yo‘l-patrul xizmati xodimlarining zo‘ravonligi natijasida vafot etdi, deya ta’kidlamoqda «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tuman prokuraturasi tomonidan JKning 206-moddasi 1-qismi (mansab vakolatidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ham xabar berdi.

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, 10 iyun kungi tungi soat 00.20 larda 42 yoshli soliq xodimi A.A. o‘zining davlat raqami 30 B 572 PA bo‘lgan Cobalt rusumli avtomobilida yo‘l harakati qoidalarini buzganligi sababli navbatchilik qilayotgan inspektorlar tomonidan to‘xtatilgan.

Uning ta’kidlashicha, YPX inspektorlari o‘zlarining boshqaruvida bo‘lgan Spark rusumli (davlat raqami: 30 X 577 SA) avtomobilining orqa o‘rindig‘iga «soliq xizmatchisining yuz qismidan bosib, uning o‘ziga azob bermasliklarini so‘rab baqirganiga qaramay uning qisqa va tez o‘limiga sabab bo‘lishgan».

Samarqand viloyati sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, soliq xizmatchisining o‘limiga yurak o‘lchami va massasining keskin oshini, ya’ni nafas qaytishi sabab bo‘lgan. O‘tkazilgan sud tibbiy ekspertizasi davomida soliq inspeksiyasi rahbarining yuz va bo‘yin qismlari, tirsak va boshqa sohalarida jarohatdan olingan shilinmalar borligi aniqlangan, deya qo‘shimcha qiladi Tashanov.

«Mazkur voqea ichki ishlar idoralarining zo‘rovonlik harakatlari davom etayotgani, tizimda nazorat to‘la izdan chiqqanini ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston inson huquqlari „Ezgulik“ jamiyati Qiynoqlarga qarshi milliy preventiv mexanizmlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili, Inson huquqlari bo‘yicha respublika Milliy markazi rahbariyatini mazkur hodisani o‘rganishga chaqiradi», — deya yakunlaydi o‘z bayonotini huquq himoyachisi.

Mazkur holat yuzasidan IIV matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, fuqaro A.A. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtotransport svetoforning qizil chirog‘idan to‘xtamasdan o‘tib, xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, avtotransportda yuqori tezlikda harakatlanib, yashirinmoqchi bo‘lgan.

Vazirlik ta’kidlashiga ko‘ra, hududdagi 4R-243 avtomobil yo‘lining 7 kilometriga yetganida Cobalt yo‘l qatnov qismining o‘rtasida to‘xtab, haydovchi avtotransportni tashlab, piyoda qochishga uringan.

Fuqaro A.A. YPX xodimlari tomonidan ushlanib, o‘ta mast holatda bo‘lganligi gumon qilinib, tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun taklif qilinganida, fuqaro A.A. ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan faol qarshilik ko‘rsata boshlagan. Shu vaqt oralig‘ida tibbiy ko‘rikka olib borish uchun transport vositasiga o‘tkazilgan fuqaro A.A.ning sog‘lig‘i yomonlashib, voqea joyiga tez tibbiy yordam xizmati chaqirtirilgan. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay fuqaro A.A. vafot etgan, deyiladi xabarda.

Hodisa sodir bo‘lgan joy Ichki ishlar vazirligi O‘XB Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi ishtirokida tuman prokuraturasi tomonidan ko‘zdan kechirilib, hujjatlashtirilgan. Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha jamoatchilikka to‘liq axborot beriladi, deya ta’kidlaydi IIV matbuot xizmati.

IIV ushbu holat aks etgan videoning qisqartirilgan versiyasini ham internetga yukladi.