Samarqand shahrida terroristik guruhlar safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan 14 nafar shaxs ushlandi, deya xabar bermoqda IIV axborot xizmati.

Xabarda aytilishicha, Samarqand shahridagi 14 nafar shaxslardan iborat guruh ijtimoiy tarmoqlar orqali Suriya va Yaqin sharqdagi terroristik tashkilotlar jangarilari ta’siriga tushib, ular safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgan.

Ularning faoliyatiga Samarqand viloyati IIB va DXX xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida chek qo‘yilgan.

Oldinroq, IIV aholi orasida «Abdullox Zufar» nomi bilan tanilgan ekstremistlarning g‘oyaviy rahnamolaridan biri — Zofir G‘afforovga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilingani, uning hozirgi kundagi aniq manzili, aloqa vositalari, jinoiy aloqalari hamda boshqa tergov uchun ahamiyatli ma’lumotlarni taqdim etgan shaxslarga, basharti ularning ma’lumotlari tasdiqlangan taqdirda amaldagi qonunchilikka asosan mukofot pullari taqdim etilishi haqida ma’lum qilgan edi.

Agarda, yuqoridagi ma’lumotlarni taqdim etgan shaxslarning o‘zlari qidiruvda bo‘lsa, ularni jinoiy javobgarligini yengillashtirish va mamlakatimizga qaytarish choralari ko‘rib chiqiladi.

«Abdulloh Zufar» haqida ma’lumotlarga ega shaxslar Ichki ishlar vazirligining 102 qisqa, (+998) 71 231−34−33 raqamlariga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga murojaat qilishlari mumkin.