Avvalroq «Gazeta.uz» hozirgacha saqlanib qolgan eng qadimiy jonzotlar biri bo‘lgan Amudaryo katta soxta kurakburunining xalqaro hamda O‘zbekiston «Qizil kitob» iga kiritilgan bo‘lsa-da, uni ovlash davom etayotganligi haqida xabar bergan edi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi ushbu holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasining «Qizil kitobi»ga kiritilgan kamyob va yo‘qolib borayotgan yovvoyi hayvon turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonun qoidalariga muvofiq alohida tartibda, Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda hamda Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan ruxsatnoma asosida yo‘l qo‘yilishi mumkin.

Fanlar akademiyasining xulosasiga muvofiq, «Qizil kitob» ga kiritilgan 10 dona Amudaryo katta kurakburun baliq turiga kvota ajratilgan. Ushbu ajratilgan kvota yuridik shaxs tomonidan ko‘paytirish va kelajakda ma’lum bir qismini respublikaning tabiiy suv havzalariga qo‘yib yuborish maqsadida so‘ralgan.

«Biroq, bugungi kunga qadar ajratilgan 10 dona Amudaryo katta kurakburun baliq turini ovlashga ruxsat berish bo‘yicha ariza kelib tushmagan. Shu sababli hech kimga ruxsatnoma ham rasmiylashtirilmagan», — deyiladi Ekologiya qo‘mitasi xabarida.

Shuningdek, Davlat ekologiya qo‘mitasining ma’lum qilishicha, «shu yilning ikki oyida baliqning 50 dan ortig‘i ovlangan» to‘g‘risidagi aniq dalillar qo‘mitaga taqdim etilsa, huquqbuzar shaxslarga nisbatan barcha zarur choralar ko‘riladi.