Qozog‘istonda ayollar va bolalarga qarshi jinoyatlar faqat ayol tergovchilar tomonidan tergov qilinmoqda

Joriy yil boshidan buyon Qozog‘istonda ayollar va bolalarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarni faqat ayol tergovchilar tergov qilmoqda. Bu haqda Interfaks mamlakat ichki ishlar vaziri Yerlan Turgumbayev bayonotiga tayanib xabar bermoqda. «Ayollar va bolalarga qarshi jinoyatlarning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, bu yildan boshlab bunday holatlar faqat ayol tergovchilar tomonidan tergov qilinmoqda. Bu jabrlanuvchilar bilan aloqalarni o‘rnatishga va ishning barcha holatlariga oydinlik kiritishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda», — dedi vazir. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha inspektorlar va ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘limlari xodimlari soni ham ko‘paytirildi. — Interfaks.


Isroil dunyoda birinchi bo‘lib mo‘yna mahsulotlarini sotishni taqiqladi

Isroil moda sanoatiga tabiiy mo‘yna mahsulotlarini sotishni taqiqladi. Mo‘ynadan ilmiy va ma’rifiy maqsadlarda, shuningdek diniy marosimlarda foydalanish bundan mustasno. Mamlakat dunyoda birinchi bo‘lib bunday qarorni qabul qildi. Taqiqlash to‘g‘risidagi hujjatni mamlakat atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Gila Gimliel imzoladi. Qonun 2021 yil dekabrda kuchga kiradi. «Mo‘ynali kiyimlar sanoati dunyo bo‘ylab yuz millionlab hayvonlarning o‘limiga sabab bo‘ladi va ularga ta’riflab bo‘lmaydigan shafqatsizlik va azob-uqubatlarni keltiradi», — dedi vazir.

Hayvonlarni himoya qiluvchi faollar 2009 yildan buyon Isroilda mo‘yna sotishni taqiqlashni talab qilishmoqda. Bunday tashkilotlardan biri bo‘lgan «Animals Now» hukumat qarorini «tarixiy voqea» deb atab, mo‘yna sotishni taqiqlashni mamlakat aholisining 86 foizi qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi. — Gazeta.uz


National Geographic beshinchi okean mavjudligini tan oldi

8 iyun kuni AQSh Milliy geografik jamiyatining (National Geographic) kartograflari dunyoda beshinchi okean — Janubiy okean mavjudligini tan oldilar. «Janubiy okean olimlar tomonidan azaldan tan olingan, ammo xalqaro miqyosda bunday kelishuv bo‘lmaganligi sababli biz uni rasman tan olmasdik», — deydi jamiyat geografigi Aleks Teyt. Uning aniqlik kiritishicha, yillar davomida mutaxassislar Antarktida atrofidagi suvlar o‘z nomlariga munosib bo‘lishlari uchun o‘ziga xos xususiyatlarga egami yoki yo‘qligini muhokama qilishgan. Ta’kidlanishicha, Xalqaro gidrografiya tashkiloti 1937 yilda Janubiy Okeanni tan olgan va 1953 yilda ilmiy jamoatchilik bosimi tufayli ushbu qarorni bekor qilgan edi.

Janubiy okean Antarktidani janubiy kengligining 60 gradusigacha o‘rab turgan suvlarning katta qismini o‘z ichiga oladi, Dreyk bo‘g‘ozi va Skosh dengizidan tashqari. Boshqa okeanlar ularni qamrab olgan qit’alar tomonidan belgilangan bo‘lsa, Janubiy okean antarktika sirkumpolyar oqimi bilan belgilanadi. Shu paytgacha ilmiy hamjamiyat to‘rtta okeanni, ya’ni Atlantika, Tinch, Hind va Shimoliy Muz okeanlarini tan olgan. — Gazeta.uz


Amazon Yevropada 425 mln dollar miqdorida jarimaga tortilishi mumkin

AQShning yirik onlayn-chakana savdo kompaniyasi bo‘lgan Amazon Yevropada ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni buzganligi uchun 425 mln dollar miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Ushbu qaror Lyuksemburg Milliy ma’lumotlarni himoyalash komissiyasi (CNPD) tomonidan qabul qilindi. Regulyator kompaniyani foydalanuvchilar ma’lumotlarini yig‘ish va ulardan foydalanish bo‘yicha Yevropa Ittifoqining ma’lumotlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi umumiy qoidalarini buzganlikda ayblamoqda. CNPD qarorining kuchga kirishi uchun uni hamjamiyatdagi qolgan 26 ta davlatning regulyatorlari tasdiqlashi kerak. Bunday miqdordagi jarima Yevropa Ittifoqining ushbu sohadagi tajribasida eng katta bo‘ladi, deya yozmoqda The Wall Street Journal.

Avvalroq AQShning Google kompaniyasi Fransiyada raqamli reklama bozoridagi ustun mavqeini suiiste’mol qilganlikda ayblanib, 220 mln yevro miqdorida jarimaga tortilgan edi.


Pokistondagi YTHda 20 ga yaqin odam halok bo‘ldi

Pokistonning Balujiston viloyatida avtobus qulashi natijasida kamida 19 kishi halok bo‘ldi, yana 50 kishi jarohatlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi burilayotgan paytda boshqaruvni yo‘qotib qo‘yib, avtobus ag‘darilib ketdi. Avtobus yo‘lovchilari so‘fiylar ziyoratgohidan Sind viloyatiga qaytayotgan bo‘lgan. Interfaksning «Al-Arabiyya» telekanaliga tayanib xabar berishicha, Pokistonda yomon infratuzilma va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida baxtsiz hodisalar tez-tez yuz bermoqda. — Interfaks.


G7 mamlakatlari butun dunyoga vaksinalarning 1 mlrd dozasini ajratishni rejalashtirmoqda

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning ta’kidlashicha, G7 mamlakatlari boshqa davlatlarga koronavirusga qarshi vaksinalarning kamida 1 mlrd dozasini ajratishni rejalashtirmoqda. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu vaksinalarning yarmini AQSh yetkazib beradi. Buyuk Britaniya esa ushbu dastur doirasida 100 mln doza ajratadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kelgusi haftalarda Buyuk Britaniyadan 5 mln dozadan iborat bo‘lgan birinchi yuk boshqa mamlakatlarga jo‘natiladi, qolgan qismi esa kelgusi yilda. Fransiya yil oxiriga qadar boshqa mamlakatlarga kamida 30 mln doza ajratadi. Qaysi mamlakatlarga va vaksinalarning qanday taqsimlanishi haqida ma’lumot yo‘q. — Associated Press.

Avvalroq AQSh yil oxirigacha Pfizer vaksinasining 200 mln doza, keyingi yilning iyun oyigacha esa yana 300 mln dozasini sotib olib turli mamlakatlarga taqsimlab tarqatishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edik.


Mingdan ziyod jurnalist Rossiya-AQSh sammitida qatnashish uchun akkreditatsiya bo‘yicha ariza yuborgan

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Jo Baydenning 16 iyun kuni Jenevada bo‘lib o‘tadigan учраshuвни kuzatish uchun mingdan ziyod jurnalist akkreditatsiya to‘g‘risida ariza yuborgan. Shveysariya TIVning ma’lum qilishicha, arizalarni ko‘rib chiqish jarayoni davom etmoqda. Ta’kidlanishicha, matbuot markazi Jeneva xalqaro kongresslar markazida 14 dan 17 iyungacha ishlaydi. Jurnalistlar ish joylari, qahva, choy va ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Matbuot markaziga yo‘llanma olish uchun jurnalistlar Shveysariya sanitariya talablarini bajarishi kerak bo‘ladi. Boshqa narsalar qatori, kuzatuvchilardan Shveysariya, Yevropa Ittifoqi yoki JSST tomonidan tasdiqlangan vaksinalar bilan koronavirusga qarshi emlanish, salbiy PZR test-sinovi natijalari yoki COVID-19ga chalinib sog‘ayib ketganligi to‘g‘risidagi sertifikat talab etiladi. — TASS.

Shveysariya hukumati sammit munosabati bilan mamlakat havo hududining bir qismini parvozlar uchun yopadi. Shunigdek, 16 iyun kuni Jeneva shahri aholisidan uydan turib ishlash so‘raldi.


Pedro Kastilo Perudagi prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘ldi

«Ozod Peru» chap qanot partiyasi vakili Pedro Kastilo mamlakatdagi prezident saylovlarida g‘olib bo‘ldi. 8,8 mln saylovchi (50,2%) Kastiloga ovoz berdi. Uning raqibi «Xalq hokimiyati» o‘ng qanot partiyasi vakili Keyko Fuximori nomzodini 8,7 mln saylovchi (49,8%) qo‘llab-quvvatladi. Ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning 25 foizidan ko‘prog‘i (6,3 mln) saylov uchastkalariga kelmadi. Peruning saylangan prezidenti 28 iyul kuni ishga kirishadi. Uning vakolat muddati besh yil. — TASS.


Hindistonda xavfli zamburug‘ turi bilan kasallanganlar soni 31 ming kishidan oshdi

Hindistonda mukormikoz («qora mog‘or») bilan kasallanganlarning umumiy soni 31,216 tani tashkil etmoqda. Ushbu kasallikdan 2109 kishi vafot etdi. Aksariyat holatlar Maxarashtra (7,057 ta kasallanish va 609 ta o‘lim holatlari) va Gujarat (5418 kasallanish va 323 ta o‘lim holatlari) shtatlarida qayd etilgan. — TASS.

24 may kuni mamlakatda mukormikozning 8800 dan ortiq holatlari qayd etilgan edi. Hind shifokorlarining ma’lumotlariga ko‘ra, kasallik odam koronavirusdan tuzalgandan 12−18 kun o‘tgach aniqlanmoqda. Mumbayda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, mukormikoz bilan kasallangan barcha bemorlar diabetga chalingan va yuqtirganlarning birortasida qonda shakar darajasi normal bo‘lmagan.


Shuningdek:

  • Tolibon Turkiyadan Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni talab qildi.
  • Kolumbiyadagi namoyishlar paytida 80 dan ortiq kishi bedarak yo‘qoldi.
  • Yevropa Parlamenti Belarusni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdan rad etishga, shuningdek uni har qanday xalqaro tadbirlarda, shu jumladan Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishdan chetlashtirishga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qildi.
  • Yaponiya Belarus samolyotlari uchun havo hududini yopdi.
  • Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning yuziga tarsaki tushirgan 28 yoshli Damen Tarel to‘rt oylik qamoq jazosiga hukm qilindi.