Yaponiyada ayollarning siyosiy faolligini oshirish to‘g‘risida qonun qabul qilindi

Yaponiya parlamentining quyi palatasi ayollarning mamlakat siyosiy hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan qonunni qabul qildi. Qabul qilingan qonun partiyalarni jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish uchun javobgar qiladi va siyosiy faoliyatni bolalarni parvarish qilish bilan birlashtirishga to‘sqinlik qilib, ayollarga nisbatan kamsitish holatlariga qarshi kurashishga majbur qiladi. O‘z navbatida, hukumat va mahalliy hokimiyat organlari endi ushbu muammolarning oldini olish va hal qilish uchun treninglar va konsultatsiyalar o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Qayd etilishicha, Yaponiyada 2018 yildan beri siyosiy partiyalarga munitsipal va parlament saylovlariga nomzodlarni tanlashda gender tengligiga rioya qilishga qaratilgan normativ hujjat mavjud.

TASSning keltirishicha, 2020 yilgi Jahon iqtisodiy forumi hisobotiga ko‘ra, Yaponiya Jahon Gender tenglik indeksi bo‘yicha 153 mamlakatlar orasida 121-o‘rinni egallagan, mamlakat 2012 yilda esa 101-o‘rinni egallagan edi. Bundan tashqari, hozirgi paytda Yaponiyada rahbar lavozimlarining atigi 15 foizini ayollar egallaydi, Yaponiya hukumatida 19 vazirdan faqat ikkitasi ayol. — TASS.

Shuningdek:

  • Yaponiyadagi yetakchi muxolifat kuchi bo‘lgan Konstitutsiyaviy demokratik partiyasi boshqa to‘rtta muxolifat partiyalari bilan parlamentda ovoz berish orqali, bosh vazir Yosixide Suga boshchiligidagi hukumatga ishonchsizlik votumini bildirishni rejalashtirmoqda. Muxolifat amaldagi hukumatni koronavirus tarqalishining oldini olishda samaradorliksizda ayblamoqda.
  • Yaponiya hukumati mamlakat aviakompaniyalariga Belarus ustidan uchib o‘tmaslikni maslahat berdi.

Peruda avtobus jarlikka tushib ketishi oqibatida 17 kishi halok bo‘ldi

Peruning La Libertad hududida avtobus ishtirokidagi YTH natijasida kamida 17 kishi halok bo‘ldi va olti kishi jarohatlandi. Truxilodan Pataz tomon ketayotgan «Tours Rosita» transport kompaniyasining avtobusi 200 m chuqurlikdagi jarlikka tushib ketdi. Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda avtobusda 33 yo‘lovchi, jumladan bolalar ham bo‘lgan.

Ikki kun avval, 8 iyunda mamlakatda Limadan Kuskoga ketayotgan avtobusning yo‘ldan chiqib ketishi va ag‘darilishi natijasida kamida 9 kishi halok bo‘ldi va 17 kishi jarohatlandi. Avtobusda 54 yo‘lovchini bo‘lgan. — RBK.


KXDR sobiq yetakchilarining siyosati haqidagi eslatma hukmron partiyaning ustavidan olib tashlandi

KXDR asoschisi Kim Ir Sen va mamlakatning ikkinchi yetakchisi Kim Chen Ir merosining ahamiyati haqidagi eslatma hukmron Ishchilar partiyasi ustavining yangi tahriri preambulasidan olib tashlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, preambuladan songun prinsipi — davlat faoliyatining barcha sohalarida armiya ustuvorligi siyosati haqidagi eslatmalar ham yo‘qolgan. Ushbu qoidaning ishlab chiqilishi amaldagi rahbar Kim Chen Inning otasi Kim Chen Irning eng muhim g‘oyaviy yutug‘i deb hisoblangan. Hujjatda mamlakatda butun hayot asosi deb Kim Ir Sen tomonidan e’lon qilingan chuchxe g‘oyalariga (koreys millatining o‘ziga xosligi prinsiplari va o‘ziga ishonish siyosati) haqida kamroq havola berilgan. Buning o‘rniga, omma manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilganligi ta’kidlanmoqda.

KXDRda partiya ustavi mamlakat konstitutsiyasidan ham muhimroq hujjat hisoblanadi. Hozirgi o‘zgarishlar joriy yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan partiya qurultoyida kiritilgan, ammo ularning mazmuni haqida bugungi kungacha ma’lumot yo‘q edi. — TASS.


Uxnaagiyn Xurelsux Mo‘g‘ulistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘ldi

Mo‘g‘uliston prezidentligiga nomzod, hukmron Mo‘g‘uliston Xalq partiyasi raisi Uxnaagiyn Xurelsux umummilliy prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘ldi. Unga 823 mingdan ortiq saylovchi, ya’ni saylovchilarning 67,8 foizi ovoz berdi. Ta’kidlanishicha, saylovlarda ishtirokchilar soni 1,21 mln yoki 59,3 foizni tashkil etdi. Uchta nomzod davlat rahbari lavozimi uchun kurashdi. — MONSAME.


Albaniya parlamenti mamlakat prezidentiga impichment e’lon qildi

Albaniya parlamenti prezident Ilir Metaga Konstitutsiyani buzgani uchun impichment e’lon qildi va uni lavozimidan chetlashtirdi. Ushbu qarorga 104 deputat ovoz berdi, yetti kishi qarshi chiqdi. Uch kishi betaraf qolgan. Uch oy ichida uni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qaror Albaniya Konstitutsiyaviy sudi tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Aytilishicha, Meta shu yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari kampaniyasi paytida hukmron Sotsialistik partiyaga nisbatan noxolis yondashib, konstitutsiyani buzgan. Aprel oyi oxirida ushbu partiyadan bo‘lgan bir guruh parlament a’zolari mamlakat prezidentiga nisbatan tergov o‘tkazilishini talab qilib, partiyani ko‘p yillar oldin tark etgan Metani mamlakatda beqarorlik va zo‘ravonlik qo‘zg‘atishda, shuningdek, muxolifat bilan yaqinlashishda ayblagan edi.

Mamlakat rahbari tergov va impichment jarayonini tanqid qilib, ularni noqonuniy deb atadi. — Associated Press.


Jeneva aholisidan Rossiya-AQSh sammiti kuni uydan turib ishlash so‘raldi

16 iyun kuni Rossiya va AQSh prezidentlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadigan Jeneva shaxri aholisidan sammit kuni uydan turib ishlash so‘raldi. Jeneva Davlat Kengashi shahardagi ish beruvchilar va ishchilarni 16 iyun kuni masofadan ishlashga o‘tishni so‘radi. Shahar hokimiyati Rossiya va AQSh sammiti paytida avtoulovlar va odamlar harakatlanishi uchun yopiq bo‘ladigan zonalarni e’lon qildi. Ushbu hudud atrofi panjara bilan o‘ralgan bo‘ladi. Davlat kengashi, shuningdek, sammit o‘tkaziladigan joyga yaqin hududlarda dronlardan foydalanishi va har qanday namoyish o‘tkazilishi taqiqlanganligini ogohlantirdi. — Interfaks.

Rossiya va AQSh prezidentlari 16 iyun kuni Jenevada muzokaralar olib boradi. Bu Jo Bayden AQSh prezidenti etib tayinlanganidan so‘ng ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi birinchi uchrashuv bo‘ladi.


Daniyada karantin cheklovlari yumshatiladi

Daniya koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish uchun kiritilgan cheklov choralarini yumshatishga qaror qildi. «Biz ilgari qila olmagan barcha narsani qila olamiz, chunki epidemiya nazoratga olindi», — dedi Daniya sog‘liqni saqlash vaziri Magnus Xeunike. 11 iyundan boshlab bar va restoranlar yarim tungacha ishlashi mumkin, ilgari ularga soat 23:00gacha ishlashga ruxsat berilgan edi. 15 iyundan boshlab ushbu muassasalarning yopilish vaqti tungi soat 2:00 ga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, niqob taqish majburiy bo‘lmaydi, jamoat transporti bundan mustasno. Sentyabrdan boshlab ushbu qoidani ham bekor qilish rejalashtirilgan. Keyingi haftadan boshlab 10 ming kishilik ommaviy tadbirlarga ham ruxsat beriladi. Kopengagenda bo‘lib o‘tadigan Yevro-2020 doirasidagi o‘yinlar uchun istisno tariqasida 25 ming tomoshabinga ruxsat berishga qaror qilindi. — Interfaks.


Shuningdek:

  • AQSh yil oxirigacha Pfizer vaksinasining 200 mln doza, keyingi yilning iyun oyigacha esa yana 300 mln dozasini sotib olib turli mamlakatlarga taqsimlab tarqatishni rejalashtirmoqda.
  • Moskva shahar sudi Korrupsiyaga qarshi kurash fondi, Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish jamg‘armasi va Rossiya muholifatchisi Aleksey Navalniyning hududiy shtabini ekstremistik tashkilotlar deb tan oldi.
  • Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) hukumati iste’foga chiqdi. Ushbu qarorning sabablari oshkor qilinmadi.
  • Xitoyda xorijiy sanksiyalarga qarshi qonun qabul qilindi.
  • Estoniyada elektron COVID-sertifikatlari joriy etildi.