Toshkent viloyati IIBB tomonidan Zangiota tumanida joylashgan “Bek-baraka” savdo majmuasida tezkor tadbir o‘tkazilib, 6 nafar shaxslar qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati.

Xabarga ko‘ra, 29 may kuni Toshkent viloyat IIBBga fuqaro ariza bilan murojaat qilib, Zangiota tumani hududida joylashgan “Bek-baraka” savdo majmuasi, yoyma kiyim-kechak bozorida savdo qilishni, bozorda “Kamronbek” va “Nigina” ismli shaxslar savdo qiluvchilardan noqonuniy ravishda pul talab qilayotganligini ma’lum qiladi.

Qayd etilishicha, murojaat egalaridan shu joyda ishlashi uchun har oyda 100 dollar miqdorida tovon puli talab qilib, shu yo‘l bilan ular savdo qiluvchilardan jami 9 mln so‘m miqdorida pul olgan, firibgarlik va tamagirlikda gumonlangan 6 nafar shaxslar ushlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, ular o‘zlarini bozorda ishlovchi mas’ul shaxs sifatida tanishtirganlar. Ular savdo qiluvchilardan talab bajarilmagan taqdirda savdo rastasi faoliyatini cheklash bilan tahdid qilishgan.

6 nafar shaxs, jumladan, Uchtepa tumanida yashovchi N.I. (1989 y.t.), Marg‘ilon shahrida yashovchi K.J. (1995 y.t.) va F.J. (1993 y.t.), Zangiota tumanida yashovchi N.O. (1968 y.t.), N.A. (1996 y.t.) hamda N.A. (1998 y.t.) lar ushbu holatga bevosita aloqadorligi aniqlanib, tegishli tartibda ishga jalb qilingan.

Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik), 28- (jinoyatni bajaruvchi bilan bir qatorda tashkilotchi, dalolatchi va yordamchi sifatida jinoyat ishtirokchisi deb topilishi), 211-moddasi 2- qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.