Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga jo‘nab ketdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Tojikistonga yo‘l oldi. Tashrif chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha sohalarini qamrab oladigan 30 dan ziyod hujjat qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Qoraqalpog‘istonda suv quvurini qazish paytida 4 kishini tuproq bosib qoldi. 3 nafari vafot etdi

Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanidagi cho‘l qumlik hududida suv quvurini qazigan 4 kishini tuproq bosib qoldi. Ulardan 3 nafari vafot etdi.

O‘zbekistonga “Sputnik V” vaksinasining 70 ming dozalik 2-komponenti olib kelindi

O‘zbekistonga Rossiyadan “Sputnik V” vaksinasining navbatdagi 70 ming dozalik 2-komponenti olib kelindi. 1 iyun kuni “Sputnik V” vaksinasining 70 ming dozalik 1-komponenti keltirilgan edi.

24 ta tuman va shahar qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi

Prezident farmoniga muvofiq, 24 ta tuman va shahar qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi. Ularga bank kreditlari bo‘yicha imtiyozlar hamda bir qator kompensatsiyalar taqdim etiladi. Qurilish materiallari sanoatidagi loyihalarni moliyalashtirishga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 200 mln dollar jalb etiladi.

O‘zbekistonga 1 million doza o‘zbek-xitoy vaksinasi olib kelindi

O‘zbek-xitoy olimlari hammuallifligidagi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 1 million dozada O‘zbekistonga olib kelindi.

Toshkentda 5 oyda avtobuslar ishtirokida 35 ta avariya sodir etilgan

O‘tgan besh oy ichida poytaxt ko‘chalarida avtobuslar ishtirokida haydovchilari aybi bilan 35 ta YTH sodir bo‘lgan. Ularning 21 tasi avtobus ichida yo‘lovchilarning yiqilib, jarohat olishi bilan bog‘liq. Avariyalardan biri esa fuqaro o‘limiga olib kelgan.

Shavkat Mirziyoyevni Dushanbeda Emomali Rahmon kutib oldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga yetib keldi. Dushanbe xalqaro aeroportida uni mamlakat rahbari Emomali Rahmon kutib oldi.

OTB O‘zbekistonda STEM ta’limni rivojlantirishga 100 mln dollar ajratadi

OTB O‘zbekiston maktablarida STEM ta’limni rivojlantirishga 100 mln dollar ajratadi. Loyiha bo‘yicha darsliklarning standartlarini yaxshilash, o‘qituvchilarni tayyorlash, maktablar uchun zarur jihozlarni sotib olish ko‘zda tutilgan.

Deputatlar iqtisodchining energetika sohasida islohotlar qachon boshlanishi haqidagi savolini tanqid qildi

Qonunchilik palatasining ikki nafar deputati iqtisodchi Yuliy Yusupovning O‘zbekiston energetika sohasini isloh qilish qachon boshlanishi so‘rab, e’lon qilgan postini tanqid ostiga oldi. Xalq vakillarining ta’kidlashicha, mamlakat energetika sohasida allaqachon, salmoqli ishlar bajarilgan, hozirgi uzilishlar esa — “yillar davomida to‘planib qolgan muammolarning oqibati”.

“Murod Nazarovning bildirgan fikrlari xaqiqiy holatga to‘g‘ri kelmaydi” — Tashkent city direksiyasi

Murod Nazarovning “Tashkent city” ishbilarmonlik markazidagi qurilishlar tasdiqdan o‘tmagani, hattoki Hilton mehmonxonasi hujjatlari ham endi tayyorlanayotganini aytgan edi. Bunga “Tashkent city” direksiyasi munosabat bildirib, “Murod Nazarovning fikrlari xaqiqiy holatga to‘g‘ri kelmasligi va asossiz"ligini aytdi. Mazkur holatga Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham izoh berdi.

Mudofaa vazirligi 30 mln so‘mga ikki dona tilla ruchka sotib olishni rejalashtirmoqda

Mudofaa vazirligi 30 mln so‘mga ikkita oltindan ishlangan qalam sotib olishni rejalashtirmoqda. Avval ham premium toifadagi ish yuritish materiallari sotib olingan. Bunga misol qilib, Buxoro viloyati hokimligi huzuridagi rasmiy delegatsiyalarni qabul qilish uyi va prezident administratsiyasi ma’muriy bo‘limi davlat qarorgohlari direksiyasi amalga oshirgan xaridlarni olish mumkin.

Tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga ko‘chmoqda — Shavkat Mirziyoyev

Dushanbedagi “Qasri Millat” qarorgohida O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari tor doiradagi uchrashuvini o‘tkazdilar. Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonni O‘zbekistonga javob tashrifi bilan kelishga taklif qildi.

“Gidrometeorologiya xizmati a’lochisi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi

Hukumat “Gidrometeorologiya xizmati a’lochisi” ko‘krak nishoni ta’sis etishga oid qarorni qabul qildi. Unga ko‘ra, nishon bilan gidrometeorologiya va iqlimshunoslik sohasini rivojlantirish ishlariga katta hissa qo‘shganlar 7 may — “O‘zgidromet” tashkil topgan kun arafasida taqdirlanadi.

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank Boshqaruvining oraliq yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ma’lum qilinishicha, may oyida yillik inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etib, aprel (10,7 foiz) oyiga nisbatan biroz tezlashgan.

Yerga oid prezident farmonidan eng muhim o‘zgarishlar

Shavkat Mirziyoyev yerga bo‘lgan huquqni bozor aktiviga aylantirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hokimiyatlar yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, zaxiralash, obodonlashtirishga ajratish va boshqa vakolatlaridan mahrum etiladi. Yerga bo‘lgan huquqlarning turlari 6 dan 3 gacha qisqartiriladi. Yer uchastkalari xususiy sektorga mulk huquqi va ijara huquqi asosida, davlat tashkilotlariga esa doimiy foydalanish huquqi asosida beriladi. “Gazeta.uz” ushbu farmon bo‘yicha barcha muhim o‘zgarishlarni taqdim etadi.

“Istiqbolga mo‘ljallangan aniq rejalarimiz bor”. Shavkat Mirziyoyev Tojikiston bilan hamkorlik haqida

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari kengaytirilgan tarkibda muzokaralarni davom ettirdi. “Istiqbolga mo‘ljallangan aniq rejalarimiz bor”, — dedi Shavkat Mirziyoyev. O‘zbekiston tomoni avtomobillarini yig‘ishni tashkil etish, aviaqatnovni kengaytirish va avtobus yo‘nalishlarini tiklash, shuningdek, diplomatik munosabatlarning 30 yilligiga bag‘ishlangan madaniy tadbirlarni o‘tkazish taklifini ilgari surdi.

Sud raislari uchun 10,1 mlrd so‘mga Kodiaq va Malibu avtomobillari xarid qilindi

Viloyat sudlari raislari uchun 26 ta Skoda Kodiaq va 3 ta Malibu avtomobillari xarid qilindi. Avtomobillar narxi 10,1 mlrd so‘mga teng deya baholanmoqda. Oliy sudning izohlashicha, oldingi xizmat avtomobillarining “yaroqlilik muddati o‘tgan, shuningdek ular ma’naviy va jismoniy jihatdan ham eskirgan”.

O‘zbekiston Botkenda 400 va 300 o‘rinli qishloq maktablarini quradi

O‘zbekiston ko‘magi bilan Qirg‘izistonning Botken va Leylek tumanlarida 400 va 300 o‘rinli maktablar quriladi. Ular 2021 yilda — yangi o‘quv yiliga qadar foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Jasur Umirovning jazosi yengillashtirilib, ozod qilindi

Xonanda Jasur Umirovga nisbatan chiqarilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirildi. U 2 fevral kuni voyaga yetmagan qizni zo‘rlagani sabab 5 yilga qamalgan edi.

O‘zbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosida ikkita GES qurish bo‘yicha bitimni imzoladi

O‘zbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosida ikkita GES qurish loyihasi bo‘yicha qo‘shma aksiyadorlik jamiyati tashkil etish to‘g‘risida, qolaversa, o‘zbek-tojik investitsiya kompaniyasi tashkil etish, sanoat va yangi texnologiyalar sohasida, tog‘-kon sanoatida hamkorlik to‘g‘risida jami 35 ta hujjatni imzoladi.

“Xalqaro nufuzga loyiq bo‘lishi shart, deya hisoblanadi”. Mudofaa vazirligi 30 mlnlik ruchkalar haqida

Mudofaa vazirligi 30 mln so‘mga ikkita premium toifadagi oltin ruchkalar xaridi bo‘yicha munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, vazirlikning kanselyariya jihozlarini yangilashga ehtiyoj paydo bo‘lgan. “Xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston rasmiy vakillari tomonidan foydalanish uchun qo‘llaniladigan ashyolar xalqaro nufuzga loyiq darajada bo‘lishi shart, deya hisoblanadi”, deyiladi vazirlik xabarida.

O‘zbekiston Xatlonda shifoxona, Tojikiston esa Samarqandda maktab qurib berdi

O‘zbekiston Xatlon viloyatida 250 o‘rinli zamonaviy shifoxona, Tojikiston esa Samarqand viloyatida 640 o‘quvchiga mo‘ljallangan maktab qurib berdi. Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga tashrifida davomida hamkasbi Emomali Rahmon bilan ramziy tugmani bosib, ularning faoliyatiga start berdi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Ko‘chmanchi fillar Xitoyda dam olmoqda (foto)

2020 yilda 16 ta Osiyo fillari Xitoy janubidagi qo‘riqxonadan qochib ketgan edi. Kuni kecha uxlab yotgan hayvonlar Sian yaqinidagi o‘rmon qo‘nimida topildi.