«Tashkent city» xalqaro ishbilarmonlik markazi direksiyasi «Murad Buildings» kompaniyasi asoschisi Murod Nazarovning ushbu hududda amalga oshirilayotgan qurilish obyektlarini xujjatlari tasdiqlanmagani haqidagi fikri yuzasidan izoh berdi.

Avvalroq, Murod Nazarov Rost24.uz nashrining «Nest one» nima uchun haligacha tegishli qurilish idoralari ruxsatini olmagani to‘g‘risida bergan savoliga «Tashkent city» hududi maxsus hudud bo‘lib, u yerda qurilish qilayotgan binolarning birontasi tegishli quyi idoralarning tasdig‘idan o‘tmagan, deya javob bergandi.

«Faqat „Nest one“ emas, balki bitgan Hilton mehmonxonasining hujjatlari hozir ham tayyorlanmoqda. Bu shunaqa hudud», — degan u.

«Tashkent city» direksiyasi ko‘ra, «Tashkent city» xalqaro ishbilarmonlar markazi doirasida investorlar loyihalarni «fast-track» usuli (bir vaqtning o‘zida loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari) bilan «tayyor holda topshirish» shartlarida amalga oshirishga ruhsat berilgan. Bu prezidentining 2018 yil 2 avgustdagi «Respublika hududlarida «Business city» zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori va 2018 yil 14 noyabrdagi «Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi фaрмониda aks etgan.

Shuningdek, mazkur obyektlarni loyihalashtirishda Yevropa ittifoqi, Turkiya, Koreya va Xitoy davlatlarining zamonaviy qurilish normalarini qo‘llagan holda ishlab chiqilib, mahalliy qurilish normalariga bosqichma-bosqich muvofiqlashtirilgan (adaptatsiya) holda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilayotgani ma’lum qilindi.

«„Tashkent city“ xalqaro ishbilarmonlik markazida joylashgan „Hilton“ mehmonxonasi va Kongress-xoll markazi 2019 yil dekabr oyida, „Gardens Residence“, „Boulevard“ turar joy majmualari tegishlicha 2020−2021 yillarda o‘rnatilgan tartibda bosqichma-bosqich davlat qabul qilish dalolatnomasi asosida foydalanishga qabul qilingan», — deyiladi izohda.

Bundan tashqari, «Tashkent city» hududida amalga oshirilayotgan barcha bunyodkorlik ishlari Qurilish vazirligi va boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan o‘rnatilgan tartibda shaharsozlik normalariga asosan olib borilishi nazoratga olingani qayd etilgan.

«Shuni alohida eslatib o‘tamizki, „Murad Buildings“ kompaniyasi asoschisi Murod Nazarovning qurilishga ruhsat beruvchi xujjatlar yuzasidan bildirgan fikrlari xaqiqiy holatga to‘g‘ri kelmaydi va asossiz hisoblanadi», — deyiladi direksiya munosabatida.

9 iyun kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham mazkur holatga to‘xtalib o‘tgan edi.

Uning aytishicha, maxsus hudud degan narsa hech qanday qonunchilikda yo‘q. «Agar biror tadbirkor subyektiv fikrini aytgan bo‘lsa, bu uning o‘z fikri. Maxsus hududlar «Iqtisodiy hududlar to‘g‘risida"gi qonun bilan tartibga solinadi. Masalan, sanoat bilan bog‘liq erkin iqtisodiy zonalar. Boshqa kimningdir shaxsiy fikri rasmiy ahamiyatga ega emas», — degan vazir.

U «Tashkent city»dagi hujjati mavjud emasligi aytilayotgani hududlar yuzasidan izoh berar ekan, yer qonun doirasida ajratilganini ma’lum qilgan.

««Tashkent city»da yer ajratish masalalari bo‘yicha ma’muriy kengash bor. Ma’muriy kengashning qarori asosida har bir investitsion loyihaga yerlar ajratilgan. Bu yerlar tekin ajratilmagan. Bu narsa 3−4 yil avval boshlanganida qiziqish katta bo‘lmagan, shunday bo‘lsada har bir sotixga pul to‘lab yer ajratilgan. Bu holat ko‘p tekshirilgan, ushbu masalaga ko‘p bor qaytilgan, yer ajratilishi to‘g‘ri bo‘lgan», — deydi Davletov.

Shuningdek, vazir qurilish jarayonida hujjatlar parallel ravishda tayyorlanishi holatiga ham to‘xtalgan.

«Shaharsozlik kodeksiga asoslanganini ko‘radigan bo‘lsangiz, u yerda hujjatlar turi juda ko‘p. Hujjatlarni bevosita shu kunning o‘zida tayyor bo‘lishi keraklari, qolaversa, qurilish bilan birga parallel tayyorlanadiganlari ham bor. Qandaydir qurilish bo‘layotgan bo‘lsa, uning hujjatlari parallel ravishda shakllanayotgan bo‘lishi mumkin. Bu bizning bugungi kundagi qonun hujjatlar bilan tartibga solingan», — dedi u.

Ruslanbek Davletov anjuman vaqtida jurnalistning savollariga javob berar ekan, undan aniq misol keltirishni so‘radi. «Agar qaysidir qurilish obyektining tayyor bo‘lishi kerak bo‘lgan hujjati hamon yo‘q ekanini aniq aytsangiz, shunda unga qonuniy baho berish mumkin bo‘ladi», — dedi vazir.