Moskva shahar sudi rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy, Korrupsiyaga qarshi kurash fondi va Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish jamg‘armasi hamda siyosatchining hududiy shtabini ekstremistik deb topdi, deb xabar bermoqda BBC rus xizmati.

Sud shuningdek, FBK va Aleksey Navalniy shtabi faoliyatini taqiqlash to‘g‘risidagi qaror zudlik bilan ijro etilishi to‘g‘risida qaror chiqardi. Siyosatchi tashkilotlarining advokatlari sud qarori ustidan shikoyat qilmoqchi.

Sud majlisi 12 soatdan ortiq davom etdi, ishni ko‘rib chiqish yopiq holda o‘tkazildi, chunki hujjatning bir qismi «maxfiy» deb topildi.

«Korrupsiya davlat hokimiyatining asosi bo‘lganida, korrupsiyaga qarshi kurashuvchilar — ekstremistlardir», — degan bayonot hozirda qamoq jazosini o‘tayotgan Aleksey Navalniyning Instagram sahifasida paydo bo‘ldi.

«Bizni nima deb atashadi, nima farqi bor? FBKmi, FBK emasmi. Shtab, shtab emasmi. Biz nom emasmiz, qog‘oz yoki ofis emasmiz. Biz — korrupsiyaga qarshi bo‘lgan Rossiya fuqarolarini adolatli sudlar va qonun oldida barchaning tengligi uchun birlashtiradigan va uyushtiradigan odamlar guruhimiz. <...> Hozir biz hamma narsani tushunamiz. Hal qilamiz. O‘zgaramiz. Rivojlanamiz. Moslashamiz. Ammo biz maqsad va g‘oyalarimizdan chekinmaymiz. Bu bizning mamlakat va undan boshqasi yo‘q», — dedi siyosatchi o‘z bayonotida.