Dushanbe shahridagi «Qasri Millat» qarorgohida prezident Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Faxriy qorovul saf tortdi, ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Prezidentlar bir biriga rasmiy delegatsiya a’zolarini tanishtirdi. Faxriy qorovul tantanali marsh bilan davlat rahbarlari oldidan o‘tdi.

«So‘ng Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Unda davlat rahbarlari O‘zbekiston va Tojikiston strategik sherikligi va ko‘p qirrali hamkorligining barcha jihatlarini ko‘rib chiqdilar, siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdilar», — deyiladi xabarda.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida hamkorlik qilish masalalari yuzasidan fikr almashishdi.

«Qabul qilgan barcha qarorlarimiz amalga oshmoqda. O‘tgan davrda ikki tomonlama munosabatlarda ko‘p narsa o‘zgardi. Buni raqamlar ham aytib turibdi. 2017 yilda tovar ayirboshlash 70 mln dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilda, murakkab pandemiya yilida ushbu ko‘rsatkich ilk bor 500 mln dollarga yetdi. Biz ushbu tashrifga juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Hududlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, qiymati qariyb 700 mln dollar bo‘lgan aniq loyiha va shartnomalar imzolandi. Madaniy-gumanitar aloqalar haqida aytsak, birinchi bor Tojikistonda O‘zbekiston kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tdi, yaqin orada mamlakatlarimiz yoshlari Farg‘ona vodiysida uchrashadi. Bir so‘z bilan aytganda, tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga ko‘chmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«O‘zbekiston — bizning strategik sherigimiz va ishonchli qo‘shnimiz. Tojikiston-O‘zbekiston munosabatlari bugun jadal rivojlanayotganidan mamnunmiz. Savdo-iqtisodiy aloqalar kengaymoqda. Madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro munosabatlar mustahkamlanmoqda. Mamlakatlarimiz mintaqaviy xavfsizlik borasida o‘zaro muvofiqlashib, yaqindan hamkorlik qilib kelayotganini alohida qayd etmoqchiman. Bugun siz bilan munosabatlarimizning holati va istiqbollarini hamda xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilishga tayyorman», — deya ta’kidladi Emomali Rahmon.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikiston mustaqilligining bo‘lajak 30 yilligi bilan tabrikladi va Emomali Rahmonni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga borishga taklif etdi.

Foto