O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 iyun kuni «Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. «Gazeta.uz» ushbu farmon bo‘yicha barcha muhim o‘zgarishlarni taqdim etadi.

Farmonga muvofiq, 2021 yil 1 avgustdan boshlab:

  • yer uchastkalari xususiy sektorga — mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga (keyingi o‘rinlarda — davlat tashkilotlari) — doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
  • meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi;
  • ijaraga olingan yer uchastkasida qonunchilikda belgilangan tartibda qurilgan ko‘chmas mulk obyektiga mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, ushbu obyektga mulk huquqi bilan birgalikda u joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga o‘tadi;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan, natijalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlanadigan ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi;
  • davlat tashkilotlariga yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
  • barcha hollarda yer uchastkalari faqat bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yer uchastkasini olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi;
  • davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi, ushbu yerlar davlat-xususiy yoki ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddatiga xususiy sherik, nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ijaraga berilishi mumkin;
  • ko‘p kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi, agar ko‘p kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga boshqa huquq bilan tegishli bo‘lmasa, ularga umumiy foydalanish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.

Vazirlar Mahkamasi 2021 yil 1 avgustdan boshlab, istisno tariqasida, faqat quyidagi hollarda yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishga haqli:

  • qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba sinovlar amalga oshirish uchun davlat ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga — Qishloq xo‘jaligi vazirligining taklifiga asosan;
  • agrosanoat klasterlariga — yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravari miqdoridagi pul mablag‘i depozitga qo‘yilganda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimining taklifiga asosan;
  • eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida (yer maydoni hajmiga ko‘ra ortib boradi) bo‘lgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun — loyiha qiymatining kamida 10 foiziga teng mablag‘ avvaldan maxsus hisobraqamga joylashtirilganda;
  • chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga — ijaraga olish huquqini olganlik uchun bozor qiymatida haq to‘lagan holda (xalqaro birlashmalar va tashkilotlardan tashqari).

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid bir qator vakolatlari, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilinadi.

Shunday qilib, hokimiyat organlari yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qila olmaydi. Bundan mazkur Farmonga muvofiq yer uchastkalarini davlat tashkilotlariga doimiy foydalanishga ajratish, ochiq tanlov yakunlarini tasdiqlash, ijara shartnomasini imzolash, yer uchastkalarini xususiylashtirish natijalarini rasmiylashtirish bo‘yicha vakolatlar mustasno.

Bundan tashqari, hokimiyatlar yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qila olmaydi, shuningdek, sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish, jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun yer bera olmaydi.

Hokimyatlar xususiylashtiriladigan yer uchastkalariga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash huquqidan mahrum etiladi.

Qonunchilik hujjatlarida ushbu Farmonda belgilanganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratishni nazarda tutuvchi barcha tartiblar, imtiyoz va istisnolar 2021 yil 1 avgustdan to‘liq bekor qilinadi.

Davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish yoki boshqacha tarzda imtiyoz va istisnolar belgilash tashabbusi bilan chiqish taqiqlanadi.

Moliya vazirligi bir oy muddatda alohida ijtimoiy himoya qilinadigan shaxslarga, shuningdek, yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan shaxslarga yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotib olish xarajatlarini to‘liq yoki qisman qoplab berish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bir oy ichida yangi tartibni hisobga olgan holda yer qonunchiligiga o‘zgartirish kiritish ko‘zda tutilgan.

8 iyunlan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilguniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlari tomonidan mazkur farmonda nazarda tutilganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratish qat’iyan to‘xtatiladi.

Yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va joylarda hududiy kengashlar tashkil etiladi. Kengashga bosh prokuror rahbarlik qiladi.

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlariga yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanganda O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq ushbu yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilish, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonida noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilish huquqi berildi.

Elektron onlayn-auksion va ochiq tanlovga qo‘yish uchun yer uchastkalarini tanlash, kelishish, auksion va tanlovda ishtirok etish uchun murojaatlarni qabul qilish, auksion va tanlovni o‘tkazish, uning natijalarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq barcha jarayonlar, istisnolarsiz faqat elektron axborot tizimlaridan foydalangan holda, elektron hujjat almashinuvi yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Huquqiy ekspertiza yakuni bo‘yicha hududiy adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjudligi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer munosabatlariga doir hujjatlarni qabul qilishning majburiy sharti hisoblanadi.

Ikki oy muddatda qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berish, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratish, yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish bo‘yicha ma’muriy reglamenti tasdiqlanadi.