Qoraqalpog‘istonda 3 nafar fuqaro tuproq bosib qolish oqibatida vafot etdi, deya xabar bermoqda Qoraqalpog‘iston respublikasi prokuraturasi matbuot xizmati.

9 iyun kuni soat 05:30 larda fuqaro S. U. (1990 y. t.) voyaga yetmaganlar S. K. (2006 y. t.), S. M. (2007 y. t.) va D. M. (2004 y. t.)lar Qo‘ng‘irot tumani, «Suo‘yenli» OFY hududining cho‘l qumlik qismida, yer ostida bo‘lgan suv quvurini qazishgan.

Qazish paytida tuproq o‘pirilib, bosib qolishi natijasida, fuqaro S. U., S. K. va S. M. lar voqea joyida vafot etdi. Voyaga yetmagan D. M. esa tuproq ostidan chiqarib olinib, Qo‘ng‘irot tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘ng‘irot tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

«Qoraqalpoq suv ta’minoti» MCHJ axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu fuqarolarning 3 nafari maktab o‘quvchilari bo‘lgan. Ular shu kuni tonggi soat 4:00—4:30 atrofida diametri 300 mm bo‘lgan cho‘yan quvurni noqonuniy tarzda sindirib olib ketmoqchi bo‘lganda, yog‘ingarchilik tufayli yumshab qolgan tuproq ostida qolishgan. 3 kishi voqea joyida vafot etgan bo‘lsa, bir kishi qochib ketgan va keyinchalik huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlanib, shifoxonaga yotqizilgan, deyiladi xabarda.