Jasur Umirovning jazosi yengillashtirildi, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati IIBB matbuot kotibi Bobur Tulyaganov.

Ma’lum qilinishicha, Oliy sudning kassatsiya instansiyasining 8 iyun kunidagi ajrimiga asosan Jasur Umirov Jinoyat kodeksining 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda, shuningdek jabrlanuvchi va uning qonuniy vakilining unga nisbatan da’vosi yo‘qligini inobatga olgan holda unga nisbatan chiqarilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirilgan.

9 iyun kuni yuqoridagilarga asoslanib, Jasur Umirov jazoni ijro etish koloniyasidan ozod qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Jasur Umirov voyaga yetmagan litsey o‘quvchisini zo‘rlaganligi to‘g‘risida sentyabrda xabarlar tarqalgan, 9 dekabrda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, xonanda 21 dekabrda qamoqqa olingandi. U 2 fevral kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, 5 yilga qamalgan edi.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda qiz xonanda uni zo‘rlamaganini, uylanmoqchi ekanligini aytayotgani haqida xabar berilgan edi.