9 iyun kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ma’muriyati davlat xaridlari portaliga ikkita premium toifadagi oltin bilan qoplangan ruchka sotib olish rejasini e’lon qildi. Ruchkalarning narxi 30 mln so‘mga baholanmoqda — har biri 15 mln so‘mdan. Mazkur holatga Kurbanoff.net Telegram kanali e’tibor qaratdi.

Davlat xaridi uchun takliflar Mudofaa vazirligi tomonidan 16 iyunga qadar qabul qilinadi. «Gazeta.uz» Mudofaa vazirligiga so‘rov bilan murojaat qildi, ammo hali javob olmadi.

Avval ham premium toifadagi ish yuritish materiallari sotib olingan. Masalan, Buxoro viloyati hokimligi huzuridagi rasmiy delegatsiyalarni qabul qilish uyi 2021 yil 30 aprelda 2 ta Montblanc ruchkasini (eksklyuziv ruchka, turli xil hashamatli buyumlar, zanjirlar, soatlar va boshqalarni ishlab chiqaruvchi Germaniya kompaniyasi) har birini 13,2 million so‘mga (jami 26,4 mln. so‘m) va Montblanc markali materialdan tayyorlangan stolni 55,6 mln so‘mga sotib olgan.

2018 yil 15 oktyabrda Prezident adminstratsiyasi ma’muriy bo‘limi davlat qarorgohlari direksiyasi 51 million so‘mga Montblanc tovarlarini sotib olgan.


Taqqoslash uchun, Toshkent shahar hokimligining ma’muriy apparati har biri 1500 so‘mdan 55 ta ruchka sotib olgan.