Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari iqtisodchi Yuliy Yusupovning energetika sektori islohotlariga oid fikrlarini tanqid ostiga oldi.

Yuliy Yusupov Facebook`dagi sahifasida energetika sektorida islohotlar qachon boshlanishiga oid savol bilan yuzlanib, sohada o‘zgarish qilish zarur bo‘lgan takliflarni bildirgan edi. Erkin energiya ta’minoti bozorini yaratish, elektr energiya importini liberalashtirish, elektr stansiyalarini xususiylashtirish, elektr va gaz chakana savdosida raqobatni kuchaytirish va boshqalar shular jumlasidan.

Mazkur postga quyi palata deputati Nodir Jumayev munosabat bildirdi. Uning fikrlari palata rasmiy saytida «Tahlilsiz tanqid — changga qurilgan qasr kabidir!» sarlavhasi ostida e’lon qilingan.


«Uning (Yuliy Yusupovning — tahr.) fikrlari va takliflarini o‘qib, kishi taajjubga tushadi. Go‘yoki, sohada hech qanday islohotlar amalga oshirilmayotgandek. Yoki bo‘lmasa, 4 yil oldingi energiya ta’minoti bilan bog‘liq haqiqiy holatni bilmagandek», — deya ta’kidlagan deputat.

Nodir Jumayev 2021 yil 12 fevral kuni jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan «Elektr energetikasi sohasini isloh qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezidenti qarori loyihasiga e’tibor qaratgan.

Mazkur hujjat bilan quyidagi vazifalarni o‘zida aks ettirgan O‘zbekiston energetika bozori regulyatori tashkil etilishi belgilanmoqda:

  • energetika sohasida davlat ulushini kamaytirish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlash hamda elektr energiyasini yakuniy iste’molchilarga yetkazib berish narxlarining asossiz oshishining oldini olish;
  • energetika sohasida raqobatli bozorni shakllantirishni tashkillashtirish;
  • elektr energiyasi tariflarini shakllantirishda aholining kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishga oid normalarni joriy etish;
  • xalqaro biznes amaliyotiga muvofiq, tabiiy va suyultirilgan gaz savdosini erkinlashtirish va xizmatlar sifatini yaxshilash.

Eslatib o‘tamiz, mazkur hujjat hozircha qabul qilinmagan.

«Umuman olganda, energiya resurslari va undan foydalanish bilan bog‘liq muammolarning tizimli ravishda o‘z yechimini topayotganini barchamiz o‘z hayotimizda ko‘rib, guvohi bo‘layapmiz. Bundan 4−5 yil oldin mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida soatlab, jadval asosida elektr energiyasidan uzib qo‘yilishiga deyarli barham berildi», — dedi xalq vakili. Uning qo‘shimcha qilishicha, iste’mol qilingan energiya uchun to‘lovning zamonaviy va shaffof tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda anomal issiq ob-havo (3−7 iyun) kuzatilishi bilan bir vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda elektr uzilishilari haqida xabarlar tez-tez tarqalib turdi. Umumiy ovqatlanish sohasidagi ayrim tadbirkorlar elektr uzilishi sabab mahsulotlarning buzilib qolayotganini ham ma’lum qildi. Energetika vazirligi esa elektr tarmog‘idagi uzilishlar 1−3 iyun kunlari kuchli shamollar, shuningdek, haroratning sezilarli darajada oshishi tufayli elektr energiyasi iste’molining keskin oshishi bilan bog‘liqligini qayd etdi.

«Joriy uzilishlar esa, uzoq yillar davomida to‘planib qolgan muammolarning oqibatidir. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar sohada yaqin vaqtlar ichida o‘zining ijobiy samaralarini beradi, albatta», — dedi Nodir Jumayev.

Energetika sohasidagi islohotlar borasida quyi palata deputati Farhod Zayniyev ham o‘z fikrlarini bildirgan.


«Energetikani rivojlantirishga doir jamoatchilik fikrini fuqarolarning energiya ta’minoti muammolarining o‘tkirligi va dolzarbligi haqidagi tasavvurlari shakllantiradi. Shu bilan birga, ba’zi fuqarolar energiya tanqisligi muammosi haqida shunchalik „tashvishdaligidan“ o‘zining yuzaki hukmlariga asoslanib fikr yuritishga harakat qilishmoqda», — dedi u.

«Elektr yenergiyamiz tizimi asosan o‘tgan asrda qurilgan, amalda modernizatsiya qilinmagan issiqlik elektr stansiyalaridan iborat yekanligini inobatga olsak, energiya taqchilligi muammosi uzoq vaqt mavjud bo‘lganligi sir emas, — deya ma’lum qildi deputat. — Bugungi kunga kelib issiqlik elektr stansiyalarining ishlab chiqarish quvvati o‘rnatilganlarning taxminan 60 foizini tashki qiladi. Shu bilan birga, aholi va tadbirkorlik subyektlarining soni ortishi tufayli energiya iste’moli barqaror o‘sib bormoqda».

Deputat keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga kelib, O‘zbekistonda yillik elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 68,5 mlrd kVt.soatni, talab esa 71 mlrd kVt.soatni tashkil etadi. Kamomad qo‘shni davlatlardan import hisobiga qoplanadi. U o‘tgan 3−4 yil mobaynida energetika sohasidagi vaziyat «sezilarli darajada yaxshilanganini» qo‘shimcha qilgan.

«Agar 2018 yilda elektr energiyasini ishlab chiqarish 62,8 mlrd. kVt.soatni tashkil qilgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib mavjud tizimlar quvvatini modernizatsiya qilish va quvvatini oshirish tufayli 68,5 mlrd. kVt. soatga ortdi», — deya ta’kidladi Farhod Zayniyev.

«Bir necha yil avval, ayniqsa, hududlarda eng dolzarb muammolardan biri elektr energiyasi taqchilligi va yetishmasligi bo‘lgani barchamizni yodimizda. Elektr energiyasini butun yil davomida, ba’zan bir necha sutkagacha o‘chirishar edi. Bunaqa sharoitda investitsiyalarni jalb qilish u yoqda tursin, tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas edi. Hozir bunday muammolar yo‘q, mamlakatning eng chekka hududlari ham elektr energiyasi ta’minlanmoqda», — dedi deputat.

Shunga qaramasdan, u «ba’zi muammolar tezda hal qilinmayotgani va bugungi kunda elektr energiyasi ta’minotida kichik uzilishlar mavjud"ligini tan olgan.

«Men elektr energiyasi ta’minoti sifati bilan bog‘liq vaziyat dinamikasi va hukumatning energetika sektorida olib borayotgan islohotlarining shaffofligi mazkur soha barqaror yaxshilanayotganidan dalolat beradi, deb hisoblayman», — deya yakunladi Farhod Zayniyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabr kuni parlamentga qilgan murojaatida 2021 yilda O‘zbekistonda davlat va xususiy elektr stansiyalari va iste’molchilar ishtirokida ulgurji elektr energiyasi bozorini shakllantirish, shuningdek, suyultirilgan gaz olib kirish bo‘yicha tabiiy gaz ta’minoti va bojlar monopoliyasini bekor qilish boshlanishini ma’lum qilgan edi.