Markaziy bank Boshqaruvining oraliq yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

«Mazkur qaror bazaviy inflyatsiya darajasi pasayuvchi trendga o‘tgan bo‘lsa-da, ayrim tovar guruhlari bo‘yicha narxlar o‘sish sur’atlarining yuqori darajada saqlanib qolayotganligi, mamlakatda iqtisodiy va investitsion faollikning yuqori sur’atda tiklanayotganligi sharoitida yil yakuniga qadar inflyatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlariga erishish va iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash vazifalari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash maqsadida qabul qilindi», — deyiladi Markaziy bank matbuot xizmati xabarida.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

2021 yilning may oyida yillik inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etib, aprel (10,7 foiz) oyiga nisbatan biroz tezlashdi. Bunda, oziq-ovqat tovarlari guruhida narxlar o‘sishining aprel oyidagi 13,6 foizdan 14,4 foizgacha tezlashishi inflyatsiyani oshiruvchi asosiy omillardan bo‘ldi.

Mazkur guruhdagi tovarlar narxlari o‘zgarishiga, bir tomondan, jahon bozorida o‘simlik yog‘i, shakar va go‘sht mahsulotlari narxlarining sezilarli darajada oshishi sabab bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, qish-bahor mavsumida kuzatilgan o‘zgaruvchan ob-havo sharoitlarida meva va sabzavotlar hosilining kechikishi hamda avvalgi yillarga nisbatan kam bo‘lishi kutilayotganligi ta’sir ko‘rsatdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari va xizmatlar tariflarining yillik o‘sishi umumiy inflyatsiyaga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatib, joriy yil may oyida mos ravishda 8,2 va 8,5 foizni tashkil etdi.

Mavsumiy omillar ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan meva-sabzovatlar va tartibga solinadigan narxlar chiqarib tashlab hisoblangan bazaviy inflyatsiya darajasi yil boshidan (12,1 foiz) bosqichma-bosqich pasayib kelib, may oyida yillik 10,9 foizni tashkil etdi va umumiy inflyatsiya sur’atlari bilan tenglashdi.

Inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflyatsiya

Inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflyatsiya ko‘rsatkichlari mart-aprel oylarida ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari narxlarining keskin o‘sishi natijasida aprelda o‘suvchi trendni namoyon etgan edi.

May oyida aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalarida aprel oyiga nisbatan pasayish kuzatilib, mos ravishda 16,4 va 16,5 foizni tashkil etgan bo‘lsada, joriy inflyatsiya ko‘rsatkichlaridan sezilarli darajada yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.

Shuningdek, pasayish tendensiyasi sezilgan inflyatsiya darajasida ham kuzatilib, may oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya 17,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, tadbirkorlarning sezilgan inflyatsiyasi 16,8 foizgacha pasaydi.

Yil oxirigacha inflyatsion kutilmalarning pasayishi, birinchi navbatda, asosiy oziq-ovqat tovarlari narxlarining barqarorlashishi hamda iqtisodiyotda yalpi iste’mol va taklifning o‘zaro muvozanatlashuvi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Ichki iqtisodiy sharoitlar

2021 yilning yanvar-aprel oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,6 foizga o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 19,8 foizga oshdi. Umuman olganda, ushbu tarmoqlardagi o‘sish sur’atlarining birinchi chorak yakunlaridagi o‘sish sur’atlariga nisbatan jadallashishi kuzatildi.

Iqtisodiyotda aholining iste’mol faolligi oshib borishi bilan savdo va pullik xizmatlar hajmi ham ortib bormoqda. Yanvar-may oylarida tijorat banklari kassalariga savdo va pullik xizmatlardan tushumlar hajmi 19,6 trln so‘mni tashkil etib, 2019−2020 yillardagi (mos ravishda 11 va 6,1 trln so‘m) ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi.

Yil oxirigacha iqtisodiy o‘sish va investitsion faollikni qo‘llab — quvvatlovchi asosiy omil fiskal rag‘batlantirish bo‘lishi kutilmoqda. Bunda, umumiy fiskal defitsitning o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan yuqoriroq prognoz qilinayotganligi, ijtimoiy nafaqa, pensiya va ish haqilarning oshirilishi iqtisodiyotda iste’mol talabini sezilarli o‘sishiga olib keladi.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

2021 yilning dastlabki besh oyida tashqi iqtisodiy sharoitlar iqtisodiyot uchun mo‘’tadil shakllandi.

Asosiy savdo-hamkor davlatlar (Turkiyani hisobga olmaganda) milliy valyutalari almashuv kurslarida yil boshidan boshlab keskin o‘zgarishlar kuzatilmadi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining aprel oyida yangilangan prognozlariga ko‘ra asosiy savdo hamkorlar — Rossiya, Xitoy va Qozog‘istonda YAIM o‘sish sur’atlari avvalgi prognozlarga nisbatan ijobiy tomonga o‘zgartirilgan.

Jahon xom-ashyo bozorlarida oltin narxi fevral-mart oylarida pasayuvchi dinamikaga ega bo‘lgan bo‘lsa, aprel-may oylarida yana tiklanib, iyun oyida yil boshidagi ko‘rsatkichlarga yaqinlashdi.

Mis narxi esa yil boshidan boshlab ma’lum bir tebranuvchanlik bilan o‘suvchi tendensiyani namoyish etmoqda.

Yanvar-may oylarida eksportdan tushumlar hajmi (oltin va gazni hisobga olmaganda) 3,9 mlrd dollarni tashkil etib, 2020 yil mos davridagi ko‘rsatkichdan (2,5 mlrd dollar) 1,5 barobarga, 2019 yildagi ko‘rsatkichdan (2,8 mlrd dollar) 39 foizga yuqori bo‘ldi.

Mamlakatga kirib kelgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 5 oyda 2,6 mlrd dollarni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga (1,8 mlrd dollar) nisbatan 43 foizga, 2019 yilning mos davriga (2 mlrd dollar) nisbatan 30 foizga o‘sdi hamda aholining iste’mol va investitsion faolligini qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ushbu omillar, o‘z navbatida, ichki valyuta bozorida taklif hajmining barqaror bo‘lishi va milliy valyuta kursi shakllanishida muhim rol o‘ynadi. Yilning dastlabki besh oyi davomida so‘m almashuv kursi 10455−10610 so‘m/AQSh dollari oralig‘ida tebranib turdi.

Pul-kredit sharoitlari

Pul bozoridagi foiz stavkalari bank tizimidagi likvidlikning ortishi fonida so‘nggi ikki oyda pasayuvchi dinamika kasb etdi. May oyida pul bozoridagi o‘rtacha tortilgan foiz stavkalar va Uzonia indeksi Markaziy bank foiz koridorining quyi chegarasidan ham pastga tushish holatlari kuzatildi.

Bunda pul bozoridagi foiz stavkalarning asosiy stavkaga nisbatan manfiy tavofuti yuzaga kelib, may oyi yakunlari bo‘yicha -2 foizni tashkil etganligi likvidlikni tartibga solish bo‘yicha instrumentlardan yanada faol foydalanishni taqozo etdi.

Ushbu maqsadda Markaziy bank tomonidan likvidlikni jalb qilish operatsiyalari hajmlari oshirildi. Xususan, aprel-may oylarida o‘rtacha oylik depozit auksionlari hajmi I chorakdagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,6 barobarga, kunlik overnayt depozitlar hajmi 1,8 barobarga va Markaziy bank obligatsiyalari hajmi 3 barobarga oshdi.

Iqtisodiyotning tiklanib borishi bilan kreditlarga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Joriy yilning dastlabki 5 oyida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 64,2 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,8 foizga, 2019 yilning mos davriga nisbatan 8,2 foizga ko‘p bo‘ldi.

2021 yilning 5 oyi davomida iqtisodiy faollikning jonlanishi va xo‘jalik yurituvchi subyektlar moliyaviy holatining pandemiyagacha bo‘lgan davr darajasiga yetib borayotganligi sharoitida kreditlarning qaytuvchanlik darajasi o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan (56 foiz) sezilarli darajada (70 foizgacha) oshdi.

May oyida jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalar 19,4 foizni, yuridik shaxslarniki bo‘yicha esa 15,8 foizni tashkil etdi.

Depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarning joriy inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar darajasidan yuqori shakllanayotganligi hamda almashuv kursining nisbatan barqaror tendensiyasi sharoitlarida, milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmining sezilarli oshishi kuzatildi. Xususan, yanvar-may oylarida milliy valyutadagi jami muddatli depozitlar 19,6 foizga oshgan bo‘lsa, jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari 27,4 foizga oshdi.

Noaniqliklar va xatarlar

Umuman olganda, inflyatsiyani oshiruvchi va pasaytiruvchi omillar tahlili oxirgi oylarda inflyatsiyani oshiruvchi omillar vaznining nisbatan yuqori bo‘layotganligini ko‘rsatib, inflyatsion jarayonlarni jilovlashga qaratilgan tizimli choralarni jadallashtirishni talab etmoqda. Birinchi navbatda, yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiyotni kreditlash hajmlari o‘sish sur’atlarining YAIM nominal hajmi o‘sishi bilan muvofiqligini ta’minlash, pul bozoridagi (2−3%) real foiz stavkalari darajasining ijobiyligini saqlab qolishni taqozo etadi.

Kelgusi oylarda fiskal rag‘batlantirishlar hajmining oshishi, iste’mol va investitsion talab hajmi o‘sish sur’atlariga nisbatan yalpi taklif o‘zgarishining nomutanosib bo‘lishi ma’lum bir inflyatsion bosimlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shuningdek, keyingi oylarda tarkibiy jihatdan inflyatsion omillar, asosan, jahon bozorlaridagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari dinamikasi, mevalar taklifi, avtomobil yonilg‘isi va qurilish mollari bozorlaridagi tendensiyalar bilan bog‘liq bo‘ladi.

O‘z o‘rnida, jahon bozorlarida asosiy oziq-ovqat mahsulotlar (qungaboqar yog‘i, shakar va boshqalar) joriy yilning oktyabr-noyabr oylari uchun fyuchers shartnomalari narxlari joriy holatdagi narxlardan birmuncha pasayotganligi kuzatilmoqda.

2021 yil boshidan beri kuzatilayotgan o‘zgaruvchan ob-havo sharoitlari (dala va yaylovlarda suv resurslarining kamligi) chorva ozuqasi narxlariga va takroriy sabzavot ekinlarini ekish jarayoniga ta’sir ko‘rsatib, go‘sht mahsulotlari va sabzavotlar narxlariga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin.

Yuqoridagi omillar ta’sirini minimallashtirishda, birinchi navbatda, iste’mol bozorlarida raqobatni rag‘batlantirish, bozorlar va savdo tarmoqlari ko‘lamini kengaytirish, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda yetishtirish imkoniyatlarining oshirilishi va ushbu mahsulotlarni yetishtirish uchun zaruriy yer maydonlarini hamda suv resurslari ajratilishi o‘zining ijobiy samarasini beradi.

Bugungi kunda shakllangan va kelgusida kutilayotgan iqtisodiy vaziyatlarda Markaziy bank asosiy stavkasining joriy darajasi inflyatsiyaning 2021 yil uchun prognoz ko‘rsatkichlariga erishishda maqbul pul-kredit sharoitlarini ta’minlash uchun yetarli hisoblanadi. Markaziy bank tashqi va ichki sharoitlar ta’sirida inflyatsiya omillari va xatarlari mohiyatini sinchkovlik bilan o‘rganishni davom ettiradi.

Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2021 yil 22 iyulga belgilangan. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha press-reliz e’lon qilinadi.