Toshkent ko‘chalarida joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida “Toshshahartransxizmat” AJ haydovchilari tomonidan jami 35 ta YTH sodir etilgan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda jamiyat matbuot kotibi Azimjon Maxamadjonov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, mazkur YTHlar oqibatida 1 nafar inson vafot etgan. Yana 40 nafar fuqarolarga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazilgan.

Qayd etilishicha, mazkur YTHlarning 21 tasi yoki 60 foizi avtobus saloni ichida yo‘lovchi yiqilishi yoki tan jarohati olish bog‘liq hodisalarni tashkil etgan.

“Bunga asosiy sabab avtobus oldida harakatga boshqa transportlarning siqib qo‘yishi yoki tormozni bosish oqibatida yiqilish yuzaga kelgan”, — deydi Maxamadjonov.

Shuningdek, jami YTHlarning 14 tasi yoki 40 foizi ish staji 5 yilgacha kam bo‘lgan haydovchilar tomonidan sodir etilgani ta’kidlandi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi 5 yilda avtobus haydovchilarining aybi bilan sodir etilgan YTHlar soni 34% ga kamayishiga erishilgan (2017 yilda — 53 ta).

O‘tgan 5 oy mobaynida 35 ta YTH sodir etilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 38 ta, 2020 yilda 31 ta YTH sodir etilganligi ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, ushbu YTHlar oqibatida 2019 yilda nafar, 2020 yilda 1 nafar fuqaro vafot etgan. Shuningdek, 2019 yilda 39 kishi, 2020 yilda 21 kishiga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazilgan.