Hukumatning 9 iyundagi qarori bilan «Gidrometeorologiya xizmati a’lochisi» ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Mazkur ko‘krak nishoni bilan gidrometeorologiya va iqlimshunoslik sohasini rivojlantirish ishlariga katta hissa qo‘shgan, yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan fuqarolar taqdirlanadi.

Gidrometeorologiya xizmati markazi («O‘zgidromet») tizimidagi tashkilotlar hamda hududiy gidrometeorologiya boshqarmalari ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni har yili 1 aprelga qadar «O‘zgidromet»ga taqdim etadi (nomzod haqida ma’lumotnoma, uning so‘nggi uch yil davomida sohada amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma ilova qilinadi).

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya hujjatlarni o‘rganib, har yili 20 aprelga qadar munosib nomzodlar bo‘yicha yakuniy xulosa qabul qiladi.

Ko‘krak nishoni har yili 7 may — «O‘zgidromet» tashkil topgan kun arafasida tantanali tarzda topshiriladi.

Taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari (980 ming so‘m) miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» o‘tgan yilning noyabrida O‘zgdiromet tizimning isloh qilinmayotgani, darhol hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar mavjudligi haqida yozgan edi. Xususan, o‘shanda oyliklar pastligi sababli oliy ma’lumotli va ko‘p yillik tajribaga ega xodimlarning boshqa sohalarga o‘tib ketayotganini ma’lum qilindi.

Mazkur xabardan so‘ng, prezident zudlik bilan mamlakatda gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan edi. Unda soha xodimlari oyligi oshirilib, ustama to‘lash tizimi joriy etilishi ta’kidlangan edi.

Mazkur voqealardan 15 kun o‘tib, 2020 yilning 17 noyabrida prezidentning tizimni isloh qilishga oid qarori qabul qilingan edi. Ushbu hujjatda tizim xodimlariga maosh to‘lashda Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlari uchun belgilangan tarif koeffitsiyenti 2 baravar oshirilgan holda qo‘llanilishi, qolaversa, oylik ustamalar to‘lab berilishi qayd etilgandi.

Qarordan shuningdek, «Gidrometeorologiya xizmati a’lochisi» ko‘krak nishoni ta’sis etilishi ham o‘rin olgandi. Bundan tashqari, hujjatda 30 martga qadar «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan gidrometeorolog» unvonini ta’sis etish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish ham belgilangan edi.