2021 va 2022 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi 4,8% va 5,5% ga etadi. Bu haqda Jahon bankining «Jahon iqtisodiy istiqbollari» hisobotining iyun sonida aytilgan.

Umuman olganda, Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish 2021 yilda 3,7 foizga va 2022 yilda 4,3 foizgacha tiklanishi kutilmoqda. Bunga, tahlilchilarning fikriga ko‘ra, xomashyo narxlarining biroz ko‘tarilishi, yirik neft ishlab chiqaruvchi mamlakatlarda ishlab chiqarish hajmidagi cheklovlarning yumshatilishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning ko‘payishi yordam beradi.

Jahon bankining taxminlariga ko‘ra, 2021 yilda global iqtisodiy o‘sish 5,6% ni tashkil etadi — bu 80 yil ichida turg‘unlik davridan tiklanishning eng tez sur’ati hisoblanib, bu asosan bir nechta yirik mamlakatlarda iqtisodiy faollikning jadal tiklanishi bilan bog‘liq. Biroq, ko‘plab shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan mamlakatlar COVID-19 pandemiyasi va uning oqibatlari bilan kurashishda davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Jahon banki prognozlariga ko‘ra, AQSh iqtisodiy o‘sishi bu yil 6,8 foizni tashkil etadi, bu katta miqdordagi moliyaviy yordam va karantin cheklovlarining yumshatilishi natijasida yuzaga keladi. Boshqa iqtisodiy rivojlangan mamlakatlardagi o‘sish ham keskin bo‘lmasa-da, tezlashmoqda. Shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan mamlakatlar orasida bu yil Xitoy iqtisodiyotida 8,5 foizga o‘sish kutilmoqda.

Iqtisodiy tiklanishiga qaramay, joriy yilning oxiriga kelib dunyo ishlab chiqarish hajmi pandemiyadan oldingi prognozlarga qaraganda taxminan 2 foizga past bo‘ladi. Shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega mamlakatlarning qariyb uchdan ikki qismi 2022 yilga kelib jon boshiga daromadning pasayishini qoplay olmaydi.

Bundan tashqari, pandemiya kambag‘allikni kamaytirishdagi yutuqlarni yo‘qqa chiqardi va vaksinalar yetishmovchiligi bo‘lgan past daromadli mamlakatlarda beqarorlikning kuchayishiga va boshqa uzoq muddatli muammolarning yanada chuqurlashishiga olib keldi, deya qayd etadi tahlilchilar.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ko‘plab shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan mamlakatlarda jon boshiga daromad darajasi pandemiya boshlanishidan oldin erishilgan darajadan past bo‘lib qoladi. Ushbu daromadning pasayishi sog‘liqni saqlash, ta’lim va turmush darajasidagi yo‘qotishlarni kuchaytirishi kutilmoqda, deyiladi hisobotda.