O‘zbekistonda yangi o‘quv yilidan ota-onasi yo‘q qizlar va boquvchisi yo‘q ayollarning kontrakt pullari to‘lab beriladi. Bu «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» prezident qarorida belgilab qo‘yildi.

Qarorga ko‘ra, 2020−21 o‘quv yilidan boshlab Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ajratiladi. Ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni ikki baravarga oshirish orqali ikki mingtaga yetkaziladi.

2021−2022 o‘quv yilidan boshlab bazaviy to‘lov-kontrakt asosida davlat OTMlariga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat oliy ta’lim muassasalari hisobidan o‘qitish tartibi joriy etiladi.

Bunda, o‘qish uchun to‘lov pullari:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 100 nafardan xotin-qizlar uchun har yili mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan;
  • moliyaviy barqaror davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan ularning Kengashi qaroriga asosan 50 nafargacha xotin-qizlar uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Shuningdek, bir oy muddatda bakalavriat bosqichini muvaffaqiyatli tamomlab, xorijiy mamlakatlarning nufuzli ta’lim, ilmiy yoki boshqa muassasalariga «El-yurt umidi» jamg‘armasining stipendiyalari asosida o‘qishga yuboriladigan stipendiatlar orasida xotin-qizlar ulushini kamida 20 foizga ko‘paytiriladi.