«O‘zsuvta’minot» aksionerlik jamiyati Samarqand va Navoiy viloyatlarida suv ta’minoti tizimidagi uzilishlarga izoh berdi.

Avvalroq yog‘ingarchiliklar yo‘qligi va Zarafshon daryosi o‘zanida suv oqimining kamligi sababli yer osti suvlarining sathi (debiti) pastlashib ketgani xabar qilingan edi. Natijada inshootlardagi nasos uskunalarining mo‘tadil ishlashida yer osti suvi zaxirasining yetishmasligi sababli Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Pastdarg‘om, Nurobod, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Narpay, Payariq va Oqdaryo tumanlari aholisini toza ichimlik suvi ta’minotida uzilishlarni olib kelmoqda.

Korxona ma’lumotlariga ko‘ra, «Samarqand suv ta’minoti» suv inshootlari tomonidan yetkazib beriladigan ichimlik suvi cheklanganligi, yer osti suvlari zaxiralarining yetishmasligi, shuningdek, suv iste’moli ko‘paygani sababli uni yetkazib berish vaqtincha jadval asosida amalga oshiriladi.

Samarqand shahri aholisining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun suv uchinchi va to‘rtinchi bosqichdagi ko‘taruvchi nasos orqali yetkazib beriladigan hududida, ya’ni A va B mikrorayonlarida, Sartepa, Buyuk ipak yo‘li, Buxoriy va Amir Temur mavzelarida 8 iyundan boshlab ichimlik suvi jadvalga muvofiq, ya’ni ertalab soat 6:00 dan 10:00 gacha, shuningdek, kechqurun soat 18:00 dan 22:00 gacha vaqt oraliqlarida yetkazib beriladi.

Navoiy viloyati aholisiga ichimlik suvi Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Damxo‘ja suv inshoti» MCHJ suv inshooti orqali yetkazib beriladi.

«Ayni paytda ushbu inshootlarda bosim pastligi, yog‘ingarchilikning kamligi va suv oqimining pastligi sababli zaxiradagi suvning oqim darajasi pasaygan. Natijada, Navbahor viloyatining ayrim hududlarida [Navoiy viloyati] suv ta’minoti to‘liq to‘xtatildi», deyiladi xabarda.

«O‘zsuvta’minot» «Navoiy suv ta’minoti» MCHJ Navbahor tumani bo‘limi inshootlarida bosim ortgunga qadar Kuxron, Arabxona, Yangiobod, Okoltin, Qiziloy mahallalariga ichimlik suvi jadvalga muvofiq maxsus uskunalar yordamida yetkazib berilishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun telefonlar:

Samarqandda — 66−233−18−21, 66 237−09−03.

Navoiyda — 79 562−71−37, 99 754−43−02.

Telegram-chat: @uzsuv_chat.

Fevral oyi oxirida prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda 2021 yilgi sug‘orish mavsumida suv ta’minoti 25 foiz kam bo‘lishi kutilayotgani aytilgan edi. Shu bois, 430 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali 3 mlrd kubmetr suvni tejash lozimligi ta’kidlandi.