Surxondaryo viloyati hokimligi «qora metall» rangli ikkita Skoda Kodiaq avtomobilini xarid qildi. Bu davlat xaridlari portali ma’lumotlarida keltirilgan. Bunga Sof.uz nashri e’tibor qaratdi.

Ikkila shartnoma (1, 2) ham 7 iyun kuni tuzilgan bo‘lib, har bir avtomobilning narxi 347 mln so‘mni tashkil etadi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Zaxriddin Turayev «Gazeta.uz» savollariga javob berar ekan, xizmat avtomobillari hokim To‘ra Bobolovning yangi o‘rinbosari va maslahatchisi uchun xarid qilinganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avtomobillarni xarid qilish jarayonida Vazirlar Mahkamasining davlat xizmatchilarining xizmat avtomobillari narxining cheklangan miqdori va yillik harakatlanish limitini nazarda tutuvchi 29 apreldagi qarori talablariga rioya qilingan. Hokimlar o‘rinbosarlari uchun avtomobilning cheklangan narxi 1500 BHMni (367,5 mln so‘m) tashkil etadi, Skoda Kodiaq Ambition esa ushbu cheklovdan 20,6 mln so‘mga arzonroq — 347 mln so‘m.

Eslatib o‘tamiz, 1−2 iyun kunlari Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashirfi chog‘ida hududdagi infratuzilmani yaxshilash uchun 1,9 trln so‘m ajratilishini ma’lum qilgandi. Davlat rahbari shuningdek, Surxondaryo uchun alohida soliq imtiyozlari joriy qilinishini ta’kidlagandi.

Davlat idoralarida rasmiy avtomobillar narxi bo‘yicha cheklov qo‘yish rejalari o‘tgan yil oxirida, qimmat avtomobillar sotib olish holatlari bilan bog‘liq bir qator ommaviy muhokamalar sabab e’lon qilingan edi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov «davlat xizmatchilariga qoidalarni qabul qilish va cheklovlarni qo‘llash orqali «halollik vaksinasi»ni singdirishdan boshqa iloj yo‘q», deb aytgan edi.