Toshkent shahrida Spark avtomobili ustiga demontaj qilinayotgan reklama banneri qulagan vaziyat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilmoqda, bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Hodisa 8 iyun kuni soat 12:00 larda, Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Bunyodkor ko‘chasi, 2-darajali yo‘lda sodir bo‘lgan. “Reklama banneri avtomobil ustiga qulab tushgan, mashina texnik jihatdan zarar ko‘rgan. Haydovchi jarohat olmagan”, — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan IIBB xodimlari tomonidan hujjatlar rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakuniga ko‘ra, vaziyatga huquqiy baho beriladi.

Avvalroq, Toshkentda reklama bannerlarining buzilishi odamlar hayotiga xavf tug‘dirayotgani haqida xabar berilgan edi. Spark avtomobili haydovchisi chaqiruviga ko‘ra kelgan YPX xodimi vaziyatni “bahsli” deb atab, avtomobilni jarima maydonchasiga joylashtirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent ko‘chalaridagi reklama bannerlari demontaj qilinishi ushbu faoliyatning qonuniyligi to‘g‘risida savollar tug‘dirayotganiga qaramay, ikki oydan beri davom etmoqda. Ko‘p hollarda ish fuqarolar xavfsizligini ta’minlash talablarini buzgan holda amalga oshirilmoqda.