Toshkent ko‘chalaridagi reklama bannerlari demontaj qilinishi ushbu faoliyatning qonuniyligi to‘g‘risida savollar tug‘dirayotganiga qaramay, ikki oydan beri davom etmoqda. Ko‘p hollarda ish fuqarolar xavfsizligini ta’minlash talablarini buzgan holda amalga oshirilmoqda.

8 iyun kuni Toshkentning Chilonzor tumanida, G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘ning yonidan o‘tib ketayotgan Spark avtomashinasiga demontaj paytida katta metall konstruksiya qulab tushdi. Avtomobil registratoridan olingan fotosuratlar va videolar «Voditeli Tashkenta — Drivers.uz» Telegram-kanalida e’lon qilindi.

Reklama banneri avtomashinaning o‘ng old qismiga jiddiy zarar yetkazgan, haydovchi jarohat olmagan. Video-yozuv shuni ko‘rsatadiki, ko‘chaning demontaj ishlari olib borilayotgan qismi hech qanday tarzda belgilanmagan va hech narsa bilan to‘sib qo‘yilmagan. Yo‘lda haydovchilarga mato silkitib to‘q sariq rangli forma kiygan kishi turibdi.

Kun.uz bilan suhbatda Spark haydovchisi demontajda hokimlik vakillari ishtirok etganini, ular zararning 50 foizini qoplaymiz, deya ma’lum qilishganini aytdi. Haydovchi YPX xodimini chaqirgan. U esa vaziyatni «bahsli» deb atab, mashinani jarima maydoniga olib borgan.

Poytaxtning boshqa joylarida ham reklama bannerlarini demontaj qilish davom etmoqda. Shahar markazida — Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «O‘zbekiston ovozi» ko‘chasida — seshanba kuni buzilgan reklama konstruksiyasi kun bo‘yi piyodalar o‘tish joyiga yotqizib qo‘yildi, bu esa piyodalar hayotiga xavf tug‘dirdi.

Inson xavfsizligiga bo‘lgan munosabat va hokimiyat harakatlaridagi nomuvofiqlikning misollari:


Bu yerning o‘zida piyodalar yo‘laklarini rekonstruksiya qilish ishlari ham olib borilmoqda. Qurilish ishlari haqida hech qanday belgi yoki yozuv yo‘q. Piyodalar yo‘lakchasi lenta bilan o‘ralgan, ammo piyodalar o‘tishi uchun joy yo‘q, ular yo‘lga chiqishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Piyodalar yo‘lakchasi belgilari buzilib, shunchaki yerga tashlab yuborilgan.

Tashqi reklama egalari bo‘lgan tadbirkorlar — rasmiylarning bannerlarni demontaj qilish bo‘yicha harakatlarini noqonuniy deb hisoblashadi, chunki bu sud qarorisiz amalga oshirilayotgani haqida yozgan edik. Ular prezidentdan yordam so‘rab, o‘zlariga tegishli bo‘lgan reklama obyektlariga murojaatlarini joylashtirishgan edi.

Iyun oyi boshida prezidentning Tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakili mart oyida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi poytaxtda tashqi reklama joylashtirishni tartibga solish to‘g‘risida qaror qabul qilganini aytgan, ammo hujjatda reklama konstruksiyalarini demontaj qilish haqida so‘z yuritilmagan.

Poytaxt hokimligi sodir bo‘layotgan hodisalar to‘g‘risida haligacha rasmiy bayonot bermadi.