Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi 1 apreldan 31 dekabrga qadar tashqi reklama obyektlarini joylashtirish, o‘rnatish, o‘zgartirish va pasportlarining berilishiga moratoriyni ko‘zda tutgan 27 martdagi qaroriga o‘zgartirishlar kiritdi. Hujjatlar hali jamoatchilikka e’lon qilinmagan («Gazeta.uz»da nusxasi bor).

Taqiq tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) xatlovdan o‘tkazib, yagona elektron reyestrni shakllantirish maqsadida joriy etilgan, deya ta’kidlangan edi poytaxt hokimligi.

Kengashning 4 iyundagi qarori bilan avvalgi qarorga o‘zgartirishlar kiritildi, uning ikkinchi bandi quyidagi tahrirda bayon etilgan:

«Toshkent shahrida o‘rnatilgan tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) xatlovdan o‘tkazib, yagona elektron reyestrni shakllantirish maqsadida 2021 yil 1 apreldan 2021 yil 31 dekabriga qadar tashqi reklama sohasida barcha tadbirkorlik subyektlariga teng sharoitlarni yaratib berish hamda bu sohada korrupsiya holatlarining oldini olish va tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzish tizimini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida raqamlashtirishga o‘tkazish chora-tadbirlari ko‘rilsin».

Oldinroq xabar berilganidek, 8 apreldan buyon poytaxtda reklama konstruksiyalarini ommaviy demontaj qilish ishlari olib borilmoqda. Tashqi reklama egalari bo‘lgan tadbirkorlar — bannerlarning buzilishiga «yuqoridan kelgan topshiriq» sabab bo‘lgan va demontaj ishlarini noqonuniy deb hisoblashadi, chunki bu sud qarorisiz amalga oshirilmoqda. Tadbirkorlar prezidentdan yordam so‘rab, o‘zlariga tegishli bo‘lgan reklama obyektlariga murojaatlarini joylashtirishgan edi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi reklama konstruksiyalarining yarmi talablarga javob bermasligini ma’lum qilgan. Qo‘mita barcha tomonlarni qonun talablariga rioya qilishga chaqirgan.

Biznes-ombudsman poytaxt xalq deputatlari kengashining bu to‘g‘risidagi qarorining loyihasi adliya organlarida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmaganligini aniqlagan. Shu sababli Oliy Majlis Senatidan Kengashning yuqoridagi qarorining qonuniyligiga baho berish hamda vakolat doirasida uni qayta ko‘rib chiqilishida amaliy yordam berish so‘ralgan edi.

4 iyun kuni biznes-ombudsman va kengash aniqlik kiritishiga ko‘ra, qarorda reklama konstruksiyalarini demontaj qilish bo‘yicha talab yoki topshiriqlar belgilanmagan. Biroq, shunga qaramasdan, aprel oyida «tadbirkorlarga tegishli reklama konstruksiyalari ayrim shaxslar tomonidan ushbu qarorning mazmun-mohiyatiga zid ravishda demontaj qilingan», deyilgan edi xabarda.

Toshkentda reklama bannerlarini demontaj qilish ishlari odamlar xavfsizligini ta’minlash talablarini buzgan holda davom etmoqda. 8 iyun kuni Toshkentning Chilonzor tumanida, G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘ning yonidan o‘tib ketayotgan Spark avtomashinasiga demontaj paytida katta metall konstruksiya qulab tushgan.

Poytaxt hokimligi sodir bo‘layotgan hodisalar to‘g‘risida haligacha rasmiy bayonot bermadi.