Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qoraqalpog‘istondagi mintaqaviy vakili tomonidan Qo‘ng‘irot tumanidagi 27-son manzil koloniyasiga monitoring tashrifi chog‘ida Nukus g‘isht zavodida ishlab kelayotgan mahbuslarga 3 oy mobaynida ish haqi berilmagani aniqlandi, deya xabar bermoqda Inson huquqlari bo‘yicha vakili matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga.

Xabarga ko‘ra, monitoring davomida mahkumlarning yashash, ovqatlanish, yo‘qlov, banderollar va pul jo‘natmalarini olish hamda mehnat qilish sharoitlari o‘rganildi.

Aniklanishicha, muassasadagi shart-sharoitlar deyarli qoniqarli darajada, lekin, mehnat qonunchiligiga zid ba’zi holatlar mavjud. Jumladan, muassasada jazo muddatini o‘tayotgan 100 dan ortiq mahkumlar Nukus tumanidagi g‘isht zavodlaridan birida mehnat qilib kelmoqda. Lekin, ularga joriy yilning mart-may oylari uchun xanuzgacha ish haqlari berilmagan.

Ombudsmanning Qoraqalpog‘istondagi vakili Zuxra Reymovaning aralashuvi bilan mahkumlarning oylik maoshlarini to‘lab berilishiga erishildi. Shuningdek, Mintaqaviy vakil mahkumlar bilan suhbat davomida ularning huquq va majburiyatlari, Ombudsmanga murojaat qilish tartibi va usullari haqida ma’lumot berdi, deyiladi xabarda.