Chorshanba kuni Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev raisligida xalq deputatlari Muborak tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Muborak tumani hokimi Ulug‘bek Ernazarov lavozimidan ozod qilindi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, sessiyada tumanga yangi hokimni saylash masalasi ham ko‘rib chiqilgan.

Deputatlar Qarshi tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Aripov Akram Oromovich nomzodini Muborak tumani hokimi lavozimiga tasdiqlagan.


Akram Aripov. Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi.

Yig‘ilishda shuningdek, tumandagi bir qator muammo va kamchiliklarga ham to‘xtab o‘tilgan. Jumladan, Muborak tumanida yetishtirilgan 10,4 ming tonna go‘sht mahsulotlarining 0,7 tonnasi yoki bor yo‘g‘i 6,9 foizi qayta ishlansa, yetishtirilayotgan 915 tonna jun va 28 mln dm teri umuman qayta ishlanmaydi.

«Hisobot davrida tumanda 1046 ta kichik biznes subyektlari mavjud bo‘lib, shundan 210 tasi yoki 20 foizi faoliyat ko‘rsatmayapti», — degan Zoyir Mirzayev.

Qayd etilishicha, 88,4 ming nafar aholi bo‘lgan tumanda ishsizlik yuqori. Xorijga ishlash uchun ketganlar soni 1334 nafarni tashkil etadi.

Tuman aholisining bor-yo‘g‘i 27,3 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan, 14 ta MFYga (aholisi 47808 nafar) ichimlik suvi tarmoqlari yetib bormagan, 7 ta MFYga (aholisi 23431 nafar) ichimlik suvi tashib keltiriladi. Qolaversa, tumandagi mavjud 134 ta ko‘p qavatli uy-joylarining 60 foizi yoki 81 tasi ta’mirtalab holga kelib qolgan.