2 yil davomida 120 ming gektardan ziyod yer talon-toroj qilingan yoki hokimlar tomonidan maqsadsiz berib yuborilgan holatlar aniqlangan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida Bosh prokuror o‘rinbosari Shavkatjon Rahimov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, 2 yil davomida prokurorlar tomonidan 7500 dan ortiq yerga oid qarorlarni bekor qilishga oid protest kiritilgan. Bundan tashqari, ma’muriy sudlar tomonidan yerga oid munosabatlar ko‘rib chiqilishi oqibatida tuman hokimlarining 2500 dan ortiq qarori bekor qilingan.

«Men nima demoqchiman? Har bir tuman hokimining qabul qilgan qarori asosli bo‘lsa, hech qanaqa protest, hech qanaqa sudning qarori qabul qilinmaydi. Vaholanki, o‘rganishlar, mutaxassislarning bergan xulosasi hozir aytilgan faktlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lyapti», — deydi Shavkatjon Rahimov.

Ma’lum qilinishicha, yerga oid qonunchilik bo‘yicha 588 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, prezident farmoni bilan hokimliklarning yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish vakolati bekor qilingani haqida xabar berilgan edi.