O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10−11 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Tojikistonda bo‘ladi. Davlat rahbari matbuot xizmati tashrif chog‘ida amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar to‘g‘risida ma’lum qildi.

Tashrif dasturida Dushanbe shahrida ikki tomonlama tadbirlar — rasmiy kutib olish marosimi, tor doiradagi va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar, ijtimoiy obyektlar ochilishi va ikki tomonlama hujjatlar imzolanishiga bag‘ishlangan onlayn marosimlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

«Ko‘p qirrali sheriklikning yangi «o‘sish nuqtalari»ni belgilash hamda uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi. Prezidentlar xalqaro siyosat va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashadilar», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari Tojikiston poytaxtida qo‘shma madaniy tadbirlarda ishtirok etadilar, So‘g‘d viloyatida jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, qator sanoat obyektlari bilan tanishadilar.

Tadbirlar yakunida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning muhim sohalarini qamrab olgan 30 dan ziyod hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Bo‘lajak sammitga tayyorgarlik doirasida ikki mamlakat bosh vazirlari rahbarlik qilayotgan Hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishi, ilmiy-amaliy konferensiya, O‘zbekiston kinosi kunlari va boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Tashrif arafasida birinchi Hududlararo forum va Ishbilarmonlar kengashining uchrashuvi o‘tkaziladi.