Pashinyan o‘z o‘g‘lini Ozarbayjondagi arman asirlariga ayirboshlashni taklif qildi

Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan tegishli davlat tuzilmalariga o‘g‘li Ashot Pashinyanni arman harbiy asirlariga ayirboshlashni Ozarbayjonga taklif qilishni buyurdi. «Men tegishli tuzilmalarimizga Ozarbayjon tomoniga rasmiy ravishda mening o‘g‘lim bizning mahbuslarimiz o‘rniga Bokuga asir sifatida borishga tayyorligini taklif qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berdim», — dedi u. Ashot Pashinyan o‘zining Facebook’dagi sahifasida bunda qatnashishga tayyorligini yozdi.

Shuningdek, Pashinyan Ozarbayjonga Gegarkunik viloyatining Sotk-Xoznavar qismidagi qo‘shinlarni chegaradan olib chiqish va u yerda rus chegarachilarini joylashtirish to‘g‘risida o‘z taklifini takrorladi. — TASS.

27 may kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi bir guruh Armaniston harbiy xizmatchilarining mamlakat hududiga o‘tishga urinishi haqida e’lon qilgan edi. O‘shanda olti nafar askar asirga olingandi.


Yaqin haftalarda Italiya Afg‘onistondan o‘z harbiylarini to‘liq olib chiqadi

NATO missiyasi tarkibidagi Italiya harbiy kontingenti yaqin haftalarda Afg‘onistonni butunlay tark etadi. Qolgan 800 harbiy xizmatchidan 20 foizi Italiyaga qaytib bo‘lgan. 8 iyun kuni mamlakat mudofaa vaziri Lorenzo Gerini Hirotdagi mahalliy bazada milliy bayroqning tushirilishi ramziy marosimida ishtirok etdi. Yozilishicha, Italiya kontingenti Afg‘onistonda deyarli 20 yildan beri uchta missiyada qatnashib kelgan va AQShning iltimosiga binoan bir necha bor mamlakatdan chiqib ketishni keyinga qoldirgan. Shu davr mobaynida 54 nafar mamlakat fuqarosi u yerda vafot etdi. — TASS.

Shuningdek: Afg‘onistonda minalar va portlamagan o‘q-dorilarni xavfsizlantirishga ixtisoslashgan ingliz-amerikalik HALO Trust notijorat tashkilotining kamida 10 nafar xodimi jangarilar tomonidan o‘ldirilgan, yana 14 nafari jarohat olgan. Afg‘on rasmiylari hujumni Tolibon uyushtirgan deb hisoblamoqda.


Suriya TIV Golan tepaliklari respublika tarkibida qolishini ta’kidladi

Golan tepaliklari Suriya hududi tarkibida bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Bu haqda mamlakat TIV e’lon qildi. Shuningdek, vazirlik Isroilning ushbu hududlar ustidan suverenitetini tan olgan AQShning pozitsiyasini keskin qoraladi va Suriya hukumatining «bosib olingan yerlarni har qanday yo‘l bilan qaytarishi» haqida ta’kidladi.

Suriyaga tegishli bo‘lgan Golan tepaliklari 1967 yilda Olti kunlik urush paytida Isroil tomonidan ishg‘ol qilingan. 1981 yilda Knesset (Isroil parlamenti) Golan tepaliklari to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Qonunda bir tomonlama ravishda Isroil hudud ustidan suvereniteti e’lon qilindi. BMT Xavfsizlik Kengashining 1981 yil 17 dekabrdagi 497-sonli qarori bilan anneksiya noqonuniy deb topilgan edi. — Suriya TIV.


Johnson & Johnson vaksinasining millionlab dozasi iyun oyida yaroqsiz holga keladi

AQShning bir nechta shtatlaridagi klinikalar va emlash markazlarining xabar berishicha, iyun oyida Johnson & Johnson vaksinasining millionlab dozasi yaroqsiz holga keladi. The Wall Street Journal’ning yozishicha, ushbu vaksinasi AQShda keng qo‘llaniladigan Moderna va Pfizerdan bir nechta afzalliklarga ega: uni an’anaviy muzlatgichlarda saqlash mumkin va emlash uchun faqat bitta doza talab qilinadi. Aprel oyida emlanishdan so‘ng tromboz holatlari kuzatilgani tufayli vaksinadan foydalanishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan edi. O‘sha paytda oltita tromboz holati qayd etilgan bo‘lib, bir ayol vafot etgan.

Nashrning ta’kidlashicha, mamlakatlarning aksariyati koronavirusga qarshi vaksinalarga muhtoj, ammo ularni muddati o‘tganlari bilan ta’minlash noto‘g‘ri. Preparatni boshqalar bilan baham ko‘rish uchun muhim moddiy-texnik va huquqiy to‘siqlarni yengib o‘tish kerak bo‘ladi, deya yozmoqda nashr. — The Wall Street Journal.


Fransii prezidenti Emmanuel Makronning kechagi hodisa bo‘yicha munosabati

Kecha Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Drom departamentiga tashrifi chog‘ida yig‘ilgan odamlardan biri uning yuziga tarsaki tushirgan edi. Prezidentning aytishicha, bu «yagona hodisa» va u fuqarolar bilan muloqotni davom ettiradi. «Hammasi yaxshi. Ushbu hodisaning ahamiyatini oshirib yuborishning hojati yo‘q, menimcha bu yagona hodisa», — dedi Makron. «Men davom etaman (fuqarolar bilan muloqot qilishni). Hech narsa meni to‘xtata olmaydi», deya qo‘shimcha qildi u.

Prezident shaxsiy xavfsizlik xizmatining Makronni Drom departamenti aholisi bilan uchrashuvdan oldin, olomonga juda yaqin kelish xavfi to‘g‘risida ogohlantirgani aytilmoqda.

Prezidentga hujum qilgan shaxs tergovchilarga uning xatti-harakatlari o‘z-o‘zidan va beixtiyor bo‘lganligini aytdi. Manbaga ko‘ra, tajovuzkor va uning sherigini hibsga olish muddati yana bir kunga uzaytirildi.

Shuningdek: Fransiya Yevropa Ittifoqidan tashrif buyuruvchilar uchun majburiy COVID-19ga test sinovini bekor qildi.


Janubiy Koreya emlangan sayyohlar uchun karantinni bekor qiladi

Koreya Respublikasi hukumati koronavirusga qarshi to‘liq emlangan fuqarolarga barqaror epidemiologik vaziyatga ega bo‘lgan mamlakatlar va hududlarga guruhli sayohat qilishlariga ruxsat berishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda rasmiylar Singapur va Tayvan bilan o‘zaro guruhli sayyohlik shartnomalarini tayyorlash bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Shuningdek, Tailand, Guam va Saypan bilan ham bunday muzokaralarni boshlash rejalashtirilgan. Ushbu mamlakat hukumatlari infeksiya tarqalishining oldini olishda muvaffaqiyat qozongan, deya aytilmoqda. Bunday bitim imzolangandan so‘ng, ularning fuqarolari kelgandan keyin ikki haftalik karantin ostida bo‘lmasdan, ikki mamlakat o‘rtasida erkin harakatlanishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. — TASS.


Shuningdek:

  • Salvador bitkoin kriptovalyutasini qonuniy to‘lov vositasi deb tan olgan ilk mamlakatga aylandi. Mamlakat prezidenti bu boradagi qonun hujjatini imzolashi bilan Salvadorda bitkoin kriptovalyutasini to‘lov uchun qabul qilishni majburiy qilib qo‘yiladi.
  • Yangi Zelandiyaning Oklend shahri The Economist Intelligence Unit talqiniga ko‘ra, yashash uchun eng qulay bo‘lgan shaharlar reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Damashq esa eng noqulay shahar deb topildi.
  • Quacquarelli Symonds tomonidan e’lon qilingan World University Rankings 2022 reytingida Massachusets texnologiya instituti birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, kuchli uchlikni Oksford va Stenford universitetlari to‘ldirib turishibdi.
  • BMT Bosh assambleyasining 73-yalpi majlisi yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston 2022−2024 yillarda tashkilotning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashiga (ECOSOC) a’zo bo‘ldi.