Chorshanba kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida adliya vaziri Ruslanbek Davletov prezidentning yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash to‘g‘risidagi farmoni nima sababdan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmaganiga izoh berdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar qildi.

«Farmon jamoatchilik muhokamasiga, bevosita regulation.gov.uz saytiga qo‘yilmadi. Sababi biz aytgan guruh juda qattiq ishlarni olib bordi. Farmon e’lon qilinib, jamoatchilik muhokamasida tursa, noqonuniy jarayonlar birdan kuchayib ketishi ehtimoli bor edi. Shuning uchun, Bosh prokuratura nazorati ostida, u yoqda [hokimlar tomonidan] qabul qilinishi mumkin bo‘lgan qarorlarni to‘xtatib turib, moratoriy e’lon qilib, shu yo‘sinda farmon qabul qilindi… Har xil o‘yin bo‘lib ketmasligi, butun davlat miqyosida yerlar talon-toroj qilinmasligi uchun mana shunaqa yondoshuv qilindi», — deya ta’kidladi u.

Vazirning ta’kidlashicha, qarorlar qabul qilishda eng katta muammo — hujjatga raqam olish masalasida. Ya’ni, oldindan qaror raqami olinib, hujjat keyinroq, sanasi o‘zgartirilib qabul qilinadi.

«Hozirni o‘zida kerak bo‘lsa, qarorlarni ro‘yxatga oladigan jurnallar ham nazoratga olinayapti… Bilib qo‘yinglar, nomer qo‘yish qarorda eng katta ahamiyatga ega bo‘lgan narsa. Qog‘ozga yozadi-da, nomer olib qo‘ysa bo‘ldi, oldingi sana yoki shu sana bilan yozib qo‘yadi», — dedi u.

Vazir shuningdek, mazkur farmonda aks etgan chora-tadbirlarni o‘zida mujassam qilgan qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinganini ma’lum qildi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur farmondan keyin yer ajratish to‘g‘risida chiqarilgan har qanday qaror noqonuniy hisoblanadi.

«Qandaydir, kimgadir yer berish bo‘yicha qaror bo‘lsa, bu noqonuniy qaror degan shubha bilan qarash kerak. Chunki, tuman darajasida yer bo‘yicha qaror qabul qilish tugadi. Viloyat hokimida faqat qishloq xo‘jaligi bo‘yicha [vakolat] qoldi», — dedi Adliya vazirligi rahbari.

Qolaversa, adliya vaziri mazkur anjumanda prezident farmoni bilan xorijiy investorlarga yer maydonlari ijaraga berilishi haqidagi muhokamalarga munosabat bildirar ekan: «Nimaga yer berilmasligi kerak?», — degan edi. Qolaversa, vazir chet elliklarga faqat noqishloq maydonlardan yer berilishi ko‘zda tutilganini qayd etdi. Biroq, u aytgan tartib farmonda mavjud emas.

Avvalroq, «Gazeta.uz» prezident farmoni bilan hokimliklarning yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish vakolati bekor qilingani haqida yozgan edi. Shuningdek, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yerni olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish taqiqlandi.