O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 iyun kuni «Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani (Nyu-York, 2006 yil 13 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida"gi qonunni imzoladi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil 18 mayda qabul qilingan, Senat tomonidan 2021 yil 29 mayda ma’qullangan edi.

Konvensiya quyidagi bayonot va qo‘shimcha shart bilan ratifikatsiya kilindi:

«O‘zbekiston Respublikasi nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z hayotining barcha sohalarida boshqalar bilan teng ravishda huquq layoqatiga ega ekanligini tan oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konvensiya tegishli holatlarda va qonunga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarning qo‘llab-quvvatlashdan foydalanishini hamda qarorlar qabul qilish mexanizmlarini almashtirishni ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rishga, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning muomala layoqatini cheklashga yo‘l qo‘yadi deb tushunganligini ma’lum qiladi.

Konvensiyaning 12-moddasi nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan qarorlar qabul qilishning o‘rnini bosuvchi mexanizmlarning bekor qilinishini talab etadigan modda sifatida talqin etilishi mumkin bo‘lgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi tegishli sharoitlarda hamda lozim darajadagi va samarali kafolatlarga rioya etish sharti bilan ushbu mexanizmlardan foydalanishni davom ettirish hukuqini o‘zida qoldiradi".

O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov «Gazeta.uz» muxbiriga 12-modda bo‘yicha band mental (ruhiy holat — tahr.) nogironlar huquqlarini amalga oshirish haqidaligi ma’lum qildi. «Davlat ushbu moddani amalga oshirishdan bosh tortmaydi, u mazkur moddani amalga oshirish uchun taym-aut, ma’lum bir vaqt olmoqda. Davlat ularga (mental nogironlar — tahr) huquq layoqati, masalan, mustaqil ravishda sudga ariza topshirish huquqini berishga hozircha tayyor emas», — deya aniqlik kiritdi Oybek Isoqov.

O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani 2009 yilning 27 fevralida imzolagan, biroq haligacha uni ratifikatsiya qilmagan edi. Nogironlarning nodavlat tashkilotlari vakillari uzoq vaqt davomida bir necha marta ushbu hujjatni ratifikatsiya qilishning zarurligi to‘g‘risida eslatishdi.

2017 yil oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rish topshirildi.

Joriy yilning yanvarida O‘zbekistonda «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi yangi qonun kuchga kirdi.