7 iyun kuni taxminan ertalab soat 09:00 dan 10:20 larga qadar «Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli» unitar korxonasiga qarashli Ayratom temir yo‘l bekati hududida Chiroqchi tuman «Ayratom» qishlog‘i fuqarolari temir yo‘l ustiga yig‘ilganligi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi rasmiy munosabat bildirdi.

Kompaniyaning ma’lum qilishiga ko‘ra, qishloq ahli tuman hokimi Xurram Jo‘rayevdan qishloqda elektr energiyasi ta’minoti qoniqarsiz bo‘lganligi uchun hududni elektr energiyasi bilan ta’minlash, ya’ni qishloqqa keladigan elektr energiyasini boshqa kuchliroq «transformator»ga ulashni so‘ragan. 7 iyun kuni soat 9:00 larda tuman hokimining qishloqqa tashrifi kutilgan.

Tuman hokimi belgilangan vaqtda «Ayratom» qishlog‘iga elektr energiyasi masalasini hal qilish uchun kelmaganligi sababli aholi temir yo‘l atrofiga yig‘ilgan, deyiladi «O‘zbekiston temir yo‘llari» xabarida.

«Toshkent — Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanuvchi «Afrosiyob» tezyurar poyezdi grafik bo‘yicha ushbu bekatdan soat 10:48 da o‘tib ketishi belgilangan.

Xabarga ko‘ra, poyezd kelishidan taxminan 28 minut oldin Chiroqchi tuman hokimi Xurram Jo‘rayev o‘zi kelib temir yo‘l atrofida yig‘ilgan qishloq aholisini «Ayratom» qishlog‘i Mahalla fuqarolar yig‘iniga olib ketadi va ularning muammolari atroflicha o‘rganilib, tushuntirish ishlari olib boriladi.

«Afrosiyob» tezyurar poyezdi grafik bo‘yicha ushbu bekatdan soat 10:48 da o‘tib ketgan. Poyezd to‘xtamagan va hech qanday zarar yoki talofat bo‘lmagan, deyiladi kompaniya bayonotida.

Chiroqchi tuman hokimligi matbuot xizmati ma’lum qilishiga ko‘ra, «aslida holat umuman boshqacha bo‘lgan».

Ta’kidlanishicha, aholi vakillarining poyezd yo‘li atrofida yig‘ilayotgani haqida Chiroqchi tumani hokimi Xurram Jurayevga tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Abdurazzoq Kengboyev telefon orqali xabar qiladi. Bu vaqtda tuman hokimi «Obod qishloq» dasturi doirasida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida «Oq oltin» mahallasiga borayotgan bo‘lgan. Xabarni eshitgach, tuman hokimi tezda «Eskianhor» mahallasiga borib, aholi bilan uchrashishga qaror qiladi.

Tuman hokimi voqea joyiga yetib borib, mahalliy aholi vakillarini poyezd yo‘l yoqasidan chetga o‘tishlari va murojaatlariga yechim topishga kelganligini aytib, aholi vakillari bilan mahalla guzarida suhbatlashadi, deyiladi hokimlik matbuot xizmati bayonotida.

«Eskianhor» mahallasi, Obodon qishlog‘i, Ayritom temir yo‘l bekatida Eskianhor, Ayritom va Paxtalisoy mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi aholi vakillari bilan uchrashgan tuman hokimi Xurram Jurayev aholini qiynayotgan elektr energiyasi taqchilligi masalasidagi muammolarga yechim izladi. Mahalliy aholi vakillari tomonidan ko‘tarilgan muammoga shu kunning o‘zida yechim belgilandi. Tuman hokimi Xurram Jurayev tashabbusi bilan qo‘shni «Sho‘rbozor» mahallasidan 110 Kv kuchlanishli yangi havo liniyasi tortilishi belgilangan bo‘lsa, bundan tashqari Istiqlol podstansiyasiga qo‘shimcha 4ming kV lik transformator qo‘yilishi belgilandi", — deyiladi xabarda.

Xabarga asosan, shu kunning o‘zida «Qashqadaryo viloyat Hududiy elektr tarmoqlari» AJ bosh direktori Anvar Muzapov ham mahalliy aholi vakillari bilan uchrashib, elektr energiyasi taqchilligining oldini olish masalasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha aholi vakillariga batafsil ma’lumot berdi.

«Xalq vakillarining fikrlarini to‘g‘ri qabul qilgan tuman hokimi nafaqat elektr bilan bog‘liq, balki boshqa ijtimoiy muammolar bo‘yicha aholi tomonidan qilingan murojaatlar tinglab, aholi bilan gaplashib chiqdi. Eng muhimi, aholi tomonidan ko‘tarilgan barcha muammolarni tuman hokimi Xurram Jurayev o‘z nazoratiga oldi», — deya qo‘shimcha qiladi hokimlik matbuot xizmati.