Chorshanba kuni AOKAda prezidentning 8 iyundagi «Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni atrofidagi muhokamalarga oydinlik kiritish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi.

Ma’lumot o‘rnida, bloger Otabek Bakirov chet ellik investorlarga ijaraga yer berilishi tartibini tanqid ostiga olgan edi.

«Afsuslanarlisi, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga ham ijara huquqi asosida yer ajratilishi mumkin. Bizga Qozog‘istonning achchiq tajribasi nahotki dars bo‘lmadi?», — deya yozgan u.

Uning ta’kidlashicha, «biz bu bilan kelajagimizga katta xatar qoldiramiz».

«O‘zbekistonning milliy davlatchiligi o‘ziga xosligi, suverenitetga bo‘lgan gibrid xatarlarning mavjudligi va yerga nisbatan o‘zbekistonliklarning haddan ziyod bog‘langanligini inobatga olib, yer bevosita ham, bilvosita ham chet ellik yuridik shaxslar nazoratiga va jismoniy shaxslarga taqdim etilmasligi lozim», — degan blogger.

AOKAdagi брифингда shu kabi savollarga to‘xtalar ekan, adliya vaziri Ruslanbek Davletov prezident farmoni noto‘g‘ri talqin qilinayotganini aytdi.

«Hujjat bo‘yicha hozir har kim bitta abzatsni olayaptida, „bu yerda eskicha tartib qolibdi, bu yerda istisno qolibdi, ertaga o‘yin bo‘lib ketadi“, degan har xil talqinlarni ilgari surayapti. Kechirasizlar-ku, bevosita hujjat ustida ishlaganlar bor. Murojaat qilinglar, nimaga bunday bo‘lganini tushuntirib beraylik. Biz o‘zidan-o‘zi bu yerda o‘tirganimiz yo‘q. Juda katta kabinetlarda, katta-katta ekspertlar, har xil manfaatlari bo‘lgan mansabdorlar orasida muhokamalar bo‘lib, [farmon] mana shu darajaga yetib keldi», — dedi u.

«Chet ellik investorlarga nimaga yer berilishi kerak?», degan savolga esa u quyidagicha javob berdi:

«Nimaga yer berilmasligi kerak? Chet el investori kelib, bitta fabrika qilaman desa, texnologiyani transferini amalga oshiraman desa, yangi innovatsion texnologiya bilan kelsa-yu, unga yer bermasangiz. U O‘zbekistonda qanday qilib o‘z loyihasini amalga oshiradi. „Boshqa davlatlarda mumkin emas“, deyishyapti. Chet ellik investorga yer berilmaydigan davlatni ko‘rsatinglar, men ko‘ray shu davlatni. Yo‘q unaqa davlat», — dedi u.

Vazir shuningdek, investorlarga ajratiladigan yer qishloq xo‘jaligi maydonlaridan tashqari hududlardan berilayotganini qayd etdi.

«Gap qishloq xo‘jaligi yerlari to‘g‘risida ketmayapti. Bizda qishloq xo‘jaligi yerlari juda qattiq himoyalangan. Chet elliklardan ham, boshqalardan ham… Bu noqishloq joylari, tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun kerak bo‘lgan yerlar to‘g‘risida gap ketayapti. U yerda 25 yilga ijaraga, Vazirlar Mahkamasi tomonidan beriladigan bo‘layapti», — dedi Davletov.

U hozirga qadar bu kabi tartib bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi. «Hozirga qaraganda 4−5 baravar himoya kuchayyapti», — dedi u.

So‘zida davom etar ekan, u odamlarni, xususan, OAV vakillari va blogerlarni qiynayotgan muammo, «bizni 100 baravar qiynaydi», deya ta’kidladi.

«Chunki, bu muammolarni mutaxassislar, sohani egalari ichidan biladi. Mexanizm yo‘qligi uchun sohani boshqarish, nazorat qilish ko‘lidan kemayotgandir. Mana endi juda katta siyosiy irodani natijasida tub burilish qiladigan hujjatlar tayyorlanib, kuchga kirayapti», — deya ta’kidladi vazir.

Biroq, adliya vaziri ta’kidlaganidek, chet elliklarga noqishloq yerlar ajratilishiga oid norma farmonda mavjud emas.

Jumladan, hujjatning uchinchi bandida: «Vazirlar Mahkamasi 2021 yil 1 avgustdan boshlab, istisno tariqasida, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga — ijaraga olish huquqini olganlik uchun bozor qiymatida haq to‘lagan holda yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishga haqli», deya qayd etilgan, xolos.