9 iyun kuni Salvador parlamenti ushbu kriptovalyutani rasmiy valyuta deb tan oluvchi qonun loyihasini qabul qildi. Mamlakat prezidenti Nayib Bukele tez orada ushbu hujjatni imzolashni va’da berdi.

Ushbu hujjat Salvadorda bitcoin kriptovalyutasini to‘lov uchun qabul qilishni majburiy qilib qo‘yadi.

Salvador rahbari bitcoinning AQSh dollari bilan bir qatorda rasmiy to‘lov vositasiga aylanishini ta’kidladi. Mamlakatda qonun kuchga kirgan kundan boshlab 90 kun ichida to‘lovlarni kriptovalyutada qabul qilish uchun infratuzilma yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Avvalroq Nayib Bukele bitcoinni rasmiy to‘lov vositasi sifatida tan olish mamlakatning chet elda ishlayotgan fuqarolari uchun uylariga pul o‘tkazmalarini amalga oshirishni osonlashtirishi haqida aytgan edi. Ushbu mablag‘lar Salvador YAIMining taxminan 20% ini tashkil qiladi.

Salvador prezidenti kongressga bu bo‘yicha qonun loyihasini yubormoqchi ekanini 6 iyun kuni ma’lum qilgan edi. “Keyingi hafta men kongressga bitkoinni qonuniy to‘lov vositasiga aylantiradigan qonun loyihasini yuboraman”, — degan edi Nayib Bukele.