8 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida «Parrandasanoat» uyushmasiga yangi rahbar tayinlandi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Umuman, „Parrandasanoat“ uyushmasiga bugun yangi rahbar tayinladik. Uyushmaning yangi raisi Bahodir Isayev bir vaqtning o‘zida Veterinariya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘ladi. Bahodir Isayevga investitsiyalar jalb qilish, loyihalarni shakllantirish, korxonalarning muammolarini hal qilish bo‘yicha barcha vakolatlar beriladi», — dedi u.

Davlat rahbari uyushmaning yangi rahbariga «Mikrokreditbank» yaqindan ko‘makchi bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.

Yig‘ilishda shuningdek, parrandachilik loyihalarini amalga oshirishga «Mikrokreditbank» mas’ul bo‘lishi va unga davlat tomonidan 50 mln dollar resurs ajratilishi qayd etilgan. Prezident ishlar natijasiga ko‘ra, yana 50 mln dollar berilishini aytgan.

Isayev Baxodir Ismailovich shu kunga qadar uyushma raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan. U ushbu lavozimda Raxmatullayev Po‘lat Erkinovichning o‘rnini egalladi.