Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida 100% kuyib ketgan jasad topilgani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «j» bandi (O‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani qayd etilgan.

Bosh prokuratura axborot xizmati mazkur holat yuzasidan yangi tafsilotlarni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, qotillik alomatlari (yonib ketgan) bo‘lgan noma’lum shaxs murdasi bilan birga Cobalt rusumli avtomashinasi ham topilgan. Noma’lum murda mazkur avtomobilni ijara shartnomasi asosida haydab yurgan fuqaro F.P. ekanligi taxmin qilingan. Jinoyat joyi ko‘zdan kechirilganda o‘sha yerda yotgan aroq shishasi idishidan boshqa bir shaxs — fuqaro S.S.ning barmoq izlari aniqlangan.

Shundan so‘ng S.S.ning onasi va ukasi so‘roq qilingan. Yaqinlari tomondan marhumning doimiy ish joyi yo‘qligi, qurilish ishlarida yollanma ishchi bo‘lib ishlab yurishi, muqaddam o‘g‘irlik bilan sudlangani, muntazam ravishda spirtli ichimlik iste’mol qilishi, voqea sodir bo‘lgan kuni uydan chiqib ketib, qaytib kelmaganligi bayon etilgan.

Qayd etilishicha, olib borilgan tezkor-surishtiruv harakatlari davomida marhum deb taxmin qilingan F.P. aslida tirik bo‘lib, Ohangaron shahrida yashirinib yurganligi aniqlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Oxangaron shahridagi xonadonlarining birida yashiringan F.P. ushlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingan F.P. o‘z aybiga iqror bo‘lib bergan ko‘rsatmasida Cobalt avtomashinasida Toshkent shahar hududida kirakashlik qilib yurganida ayrim fuqarolardan 4,1 ming AQSh dollarini aldab olgani, qarz bo‘lib qolgani, ularni qaytarishning imkoni bo‘lmagani sababli notanish shaxsni o‘ldirib, o‘zini o‘ldiga chiqarib qo‘rsatish rejasini tuzganligini bildirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, F.P. 28 may kuni Uchtepa tumani, 20-mavzesida baklashka terib yurgan rus millatiga mansub, o‘ziga notanish shaxs — S.S.ni ko‘rib, unga ish taklif qilib, o‘zining boshqaruvidagi Cobalt`ga o‘tqazib, do‘kondan olingan aroqni ichirib, Sirdaryo viloyati hududidagi ovloqroq joyga olib kelgan hamda o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirgan.

Hozirda gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.