Ayni daqiqalarda prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik va xizmatlarni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda chorva, parranda va baliq mahsulotlarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar ijrosiga bag‘ishlagan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazmoqda.

«Gazeta.uz muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari endilikda yer faqat auksionda sotilishini yoki ijaraga berilishini ma’lum qilgan.

«6 oy avval yoshlarga yer ajratish bo‘yicha topshiriq bergandim. Yerni adolatli taqsim qilish, yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha bu tajriba bo‘ldi. Agar har bir hudud rahbari tizimni tushunib ishlay olsa, ishsizlar keskin kamayadi. Bosh vazir o‘rinbosarlariga talab qattiq bo‘ladi. Mana ko‘ryapsizlar, Samarqandda, Farg‘onada „yer sotuvchilar“ paydo bo‘ldi. Pora bilan qo‘lga tushyapti. Bo‘ldi, u zamon tugadi. Endi yer faqat auksionda sotiladi yoki ijaraga beriladi. Kimga yer kerak bo‘lsa, davlat auksionida qatnashsin, haloli bo‘lsin, yerni sotib olsin», — dedi u.

U shuningdek, Surxondaryoda boshlanayotgan tajriba asosida, ishsiz aholiga qishloq xo‘jaligi yerlarini 10 yil muddatga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilinishi, 2021 yildan qariyb 100 ming gektar g‘alladan bo‘shagan yer maydonlari ishsiz aholiga berilishini qayd etgan.

«Biz yerni haqiqiy egasi — xalqqa berishni boshlaymiz. Bu tarixiy qadam. Ishsizlar, kam ta’minlanganlarni agar hayotdan umidi bo‘lib, ishlayman, munosib turmushda yashayman, desa ularga imkoniyat yaratib beramiz, ijaraga yer beriladi, ular shundan o‘z oilasini boqadi», — deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda «Gazeta.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, prezident 4 iyundagi yig‘ilishda hokim qarori bilan nodavlat sektorga yer ajratish hamda yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tekinga berish amaliyoti bekor qilinishi ma’lum qilgandi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini faqat ijara huquqi asosida ajratish tartibi kiritilishi aytilgandi.

Bundan tashqari, mazkur yig‘ilishda yerni xususiy sektorga mulk va ijara huquqi, davlat tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida berish tartibi joriy etish taklifi ham bildirilgandi.