Effect.uz sayti jurnalistlari Andijon viloyatida fuqarolar murojaatlarini o‘rganib turgan vaqtida kaltaklangani haqida xabar berildi. Jurnalistlarga Andijon shahar xalq deputatlari kengashi kotibiyati mudiri Rahim Sobirovichning o‘g‘li kuch ishlatganligi aytilmoqda.

«Biz fuqarolarning murojaatlarini o‘rganib turgan vaqtda Andijon shahar xalq deputatlari raisi Rahim Sobirovich tomonidan tahqirlandik, kaltaklandik. Hokimiyatda bizni kaltaklashdi. Rahim Sobirovichning o‘g‘li bizni kaltaklab, orqamizdan kuzatib kelyapti. Shaxsan o‘zim AOKAdan, Bosh prokuraturadan, DXXdan, Milliy gvardiya xodimlaridan bizni himoya qilishni so‘ragan bo‘lardik. Hozirda bizning hayotimiz xavf ostida», — deydi Effect.uz jurnalisti Abror Eshonxonov 7 iyun kuni e’lon qilingan video murojaatda.

Yana bir videolavhada jurnalistdan tasvirga olishni to‘xtatib turish so‘ralganligi aks etgan.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Xayot Shamsutdinov izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, Effect.uz axborot agentligi jurnalistlarining Andijonda kaltaklanganligi holati Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda. Voqea ishtirokchilarining harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi ham munosabat bildirdi. Jurnalistlar ijodiy uyushmasi mazkur holatni qoraladi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mazkur holatni amalga oshirgan shaxslar xatti-harakatlariga munosib huquqiy baho berilishiga va tegishli choralar ko‘rilishiga ishonadi hamda Bosh prokuraturadan ishni o‘z nazoratiga olishini so‘raydi.

Shuningdek, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Andijon shahar hokimligidan ayni vaziyat yuzasidan tezkor munosabat bildirishni hamda xizmat tekshiruvi o‘tkazishni so‘radi.

«Uyushma bu kabi holatlar so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, jurnalistlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi borasidagi yangicha ochiqlik siyosatiga zid ekanligini alohida qayd etadi», — deyiladi xabarda.