Prezident 7 iyun kuni «O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi.

Hujjat may oxirida, Senatning 15 yalpi majlisida tasdiqlangan edi. O‘shanda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev nega aynan ushbu sana tanlab olinganiga izoh bergandi.

«Tarixga nazar tashlasak, mazkur sananing nishonlanishi, 1935 yil 15 aprelda Vashingtonda 21 davlat rahbarlari tomonidan dunyo tarixidagi birinchi bor Xalqaro badiiy va ilmiy muassasalar va tarixiy yodgorliklarni himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro shartnomaning imzolanishi bilan bog‘liqligini ko‘ramiz. Ushbu shartnoma uning muallifi sharafiga «Rerix pakti» deb nomlangan. O‘sha yili Nyu-Yorkda «Rerix pakti»ning rasmiy ramzi tinchlik bayrog‘iga bag‘ishlangan bayram bo‘lib o‘tgan», — degan u.

Qolaversa, ayni shu kuni mamlakatda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, o‘zbek milliy madaniyati va san’ati nufuzini jahon miqyosida oshirish borasida fidokorona mehnat qilgan shaxslar «Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishoni bilan takdirlanishi belgilanmoqda.

Hujjat e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.